Havo boylikmi?
23.06.2022
Yer yuzida yashayotgan barcha tirik organizmlar uchun eng muhim omillardan biri, bu atmosfera havosi bo‘lib, uning sifat ko‘rsatkichlarini ekologik normativlar va standartlarga mosligini ta’minlash bugungi kunning asosiy muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Atmosfera havosining ifloslanishi nima? U qanday kechmoqda, tirik organizmlarga ta’siri qanday?, kabi savollar ketma-ketligi va ularning javobi barchani o‘ylantiradi. Havoning ifloslanishi deb, tirik organizmlarning (insonlar, hayvonot va o‘simlik dunyosi, ekotizimlar) normal fiziologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan havoning tarkibi va xususiyatlarini barcha turdagi o‘zgarishlari tushiniladi. Bugungi kunda havoning tabiiy va antropogen omillar bilan ifloslanishi intensiv ravishda kechmoqda. Jumladan, iqlimshunos mutaxassislar, iqlim isishi aynan havo tarkibiga chiqarilayotgan iflos chiqindilar hisobiga yuz berayotganini va havo tarkibida SO2 konsentratsiyasi ortib borayotganini takidlamoqda. Havo tarkibida bu miqdor, sanoat davrigacha 280 ppm (havo tarkibidagi milliondan bir ulush) dan hozirda 420 ppm ga tez va qisqa vaqt oralig‘ida chiqarildi.
So‘nggi yarim asrda xavo tarkibida is gazi 100 ppmga ko‘paygan va bu kabi tez o‘zgarishga sayyoramiz moslasha olmaydi. To‘satdan hosil bo‘luvchi iqlim bo‘hronlari va anomal holatlar buning yaqqol misolidir.
Insoniyat is gazining havo tarkibidagi muvozanatini ushlab turish uchun tabiatning o‘ziga imkon qoldirmadi. Yerlarni o‘zlashtirish, o‘rmon maydonlarini keskin qisqarishi natijasida atmosfera havosida milliardlab tonna uglerod gazlari yutilmay qolishiga sabab bo‘lmoqda.
British Petrolium, Jahon banki tomonidan keltirilgan raqamlarga asosan 2019 yilda (pandemiyadan avval) dunyo bo‘yicha o‘rtacha 34 mlrd. tonna SO2 gazi atmosfera xavosiga tashlangan, shundan Xitoy Xalq Respublikasi – 9 mlrd. 826 mln. tn (29%), AQSh – 5 mlrd.tn (14,5%), Yevropa Ittifoqi davlatlari – 3 mlrd.tn (9,7%), Xindiston – 2,5 mlrd.tn (7,3%), Rossiya – 1,5 mlrd.tn (4,5%), Yaponiya – 1,1 mlrd.tn (3,3%), Qozog‘iston – 239 mln.tn (0,7%), O‘zbekiston – 189,2 mln.tn (0,3%)ni tashkil etmoqda.
Har yili dunyo bo‘yicha o‘rtacha 350 mln.gektar o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lib, 3,4 mlrd tn. (9%) SO2 gazi atmosfera xavosiga tashlanmoqda.
Ko‘plab miqdorda havoga tashlanayotgan tashlamalar natijasida bugungi kunda atmosfera xavosining tarkibiy sifat ko‘rsatkichlarining (azot – 78%, kislorod – 21%, argon – 1%, karbonad angirdrid – 0,03 % va boshqa inert gazlar) o‘zgarish ehtimoli juda katta muammoga aylanishi mumkin.
Havosiga tashlanayotgan milliard tonna zararli gazlar natijasida bugungi kunda “issiqxona effekti” hosil bo‘ldi. Bu esa, zararli gazlar havoni “gilam” misol qoplab, sayyorada havo haroratining ko‘tarilishiga va iqlim o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda. Oxirgi 5 yillik kuzatuvlar yuqori anomal issiq haroratni keskin ortishini, ya’ni dunyo bo‘yicha yillik harorat 1,1 darajaga, O‘zbekistonda esa 2 darajagacha yuqorilaganini ko‘rsatmoqda (1880 yilga nisbatan). Orolbo‘yi hududlari (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Surxandaryo, Xorazm viloyatlari) iqlim o‘zgarishlariga eng zaif hududlar bo‘lib qolmoqda.
Havoning keskin darajada ifloslanishi natijasida tirik mavjudotlarga, jumladan insonlar salomatligiga ham salbiy ta’sirlar ortmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda har 10 nafardan 9 kishi ifloslangan havodan nafas olmoqda, shuningdek, sayyoramizning 91 % aholisi havosi ifloslangan hududlarda yashamoqda. Odamlardagi yurak-qon tomir kasalliklarining 25 %, o‘pka kasalliklari va o‘pka saratonining 43 % ifloslangan havodan nafas olish natijasida kelib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun: inson ovqatsiz va suvsiz bir necha kun yashay olishi mumkin, ammo havosiz 10 daqiqa ham yashay olmaydi, shuningdek, bir kishi kuniga 1 kg ovqat, 5 litrgacha suv ist’emol qilsa, 25 kg havoni nafas olish uchun sarflaydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan joriy yil 20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Tabiatdagi global iqlim o‘zgarishlari, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyatning tobora keskin tus olayotgani ekologik xavfsizlikni g‘oyat dolzarb masalaga” aylanayotganligini ta’kidlashi ham bejiz emas deb, hisoblayman.
Xalqimiz tomonidan “Toza havo tanga da’vo”, degan ibora bejizga qo‘llanilmasligi, yuqorida qayd etilgan raqamlardan ham ko‘rinib turibdi. Mening fikrimcha toza havo bilan nafas olgan holda sog‘lom turmush kechirish har qanday moddiy qiymat bilan o‘lchab bo‘lmas ne’matga aylanib bormoqda.
Bugun Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartirishlar jarayonida atmosfera havosining tabiiy tarkibini saqlash, atmosfera havosiga zararli kimyoviy, fizikaviy, biologik va boshqa xil ta’sir ko‘rsatilishining oldini olish hamda kamaytirish, atmosfera havosini muhofaza qilish maqsadida Bosh qomusimizning 55-moddasiga “atmosfera havosi”ni umummilliy boylik sifatida e’tirof etgan holda undan oqilona foydalanish va davlat tomonidan muhofazasini ta’minlashni kafolatlash yuzasidan normani kiritishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.
O'zgidromet bosh direktori o'rinbosari Ibratjon Karimov