О‘zgidrometda “Gidrometeorologiya, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit monitoringi dolzarb muammolari va ularni hal etish yo‘llari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

О‘zgidrometda “Gidrometeorologiya, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit monitoringi dolzarb muammolari va ularni hal etish yo‘llari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

13.05.2022

O‘zgidrometda “Gidrometeorologiya, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit monitoringi dolzarb muammolari va ularni hal etish yo‘llari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 13 may kuni O‘zgidromet majlislar zalida 15 may – “Xalqaro iqlim kuni”ga bag‘ishlangan “Gidrometeorologiya, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit monitoringi dolzarb muammolari va ularni hal etish yo‘llari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi hamda OAV ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga muvofiq O‘zgidromet gidrometeorologiya, iqlim o‘zgarishi va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida vakolatli davlat organi etib belgilangan.

Kuzatuvlar tarmog‘ining tashkil etilishi.

O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlar dastlab 1867 yil sentabr oyida Toshkent Astronomiya observatoriyasi qoshida meteorologik stansiyasini ochilishi bilan boshlanib, havo harorati va yog‘inlarning kunlik kuzatuvlari amalga oshirilgan.  

Ma’lumot uchun: Andijon (1882 y.), Nukus (1883 y.) Buxoro (1890 y.),  Farg‘ona (1880 y.), Jizzax (1881 y.), Bekobod (1910 y.) va  Quva (1911 y.) meteorologik stansiyalari tashkil etilgan.

  Meteorologik tarmoqlar o‘tgan asrning 50-60 yillarda kengaya boshladi natijada meteostansiyalarda qo‘shimcha aktinometriya (6 ta stansiya), suv balansi (10 ta stansiya), issiqlik balansi (4 ta stansiya) va gradient (2 ta stansiya) kuzatuvlar yo‘lga qo‘yildi.

 Jaxon meteorlogiya tashkiloti tavsiyalariga muvofiq 1970 yildan boshlab 4 ta kunduzgi kuzatuv muddatidan 8 ta kechayu-kunduz meteokuzatuv muddatlariga o‘tildi.      Bugungi kunda O‘zgidromet kuzatuv tarmog‘ida 92 ta meteostansiya faoliyat ko‘rsatib, shundan 21 tasi jahon halqaro ma’lumot almashinuvi tizimiga kiritilgan.    

Soha boshlangan islohatlar natijasida 2020-2021 yillarda kuzatuv tarmog‘iga 62 ta avtomatik meteostansiyalar o‘rnatildi, 2 ta statsionar va 1 ta mobil laboratoriya, ob-havo prognozini raqamli modellashtiradigan 1 dona superkompyuter olindi, Buxoroda 1 ta yangi meteorologik lokator o‘rnatildi

  Kuzatuvlar tarmog‘iga jadallik bilan IT-texnologiyalar
va telekommunikatsiyalarni joriy etish orqali onlayn rejimda
har
10 daqiqa  vaqt oralig‘ida GSM/sputnik orqali ma’lumotlarni uzatish ta’minlandi.

Sel-suv toshqinlari

Ma’lumki respublikamiz hududididagi tog‘ va tog‘oldi hududlari sel xavfi bo‘lgan zonalar hisoblanadi. Xususan so‘ngi 10 yilda respublika bo‘ylab 657 ta (2018 yil – 75 ta, 2019 yil – 132 ta, 2020 yil – 119 ta, 2021 yil – 134 ta; joriy yilda – 70 dan ziyod) sel va suv toshqinlari kuzatilgan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki respublika hududini 12 foizida 29 ta asosiy sel  kelish havzasi mavjud bo‘lib, ushbu hududlar asosan Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo, Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida joylashgan.

Sellarning kelib chiqishini asosiy sababi kuchli jala yomg‘irlari (do‘l) bo‘lib natijada daryo va soylarda suv sathining ko‘tarilishi, suvning o‘zandan toshib chiqishi oqibatida hududlarda suv bosish holatlarining intensivligi ortmoqda.

Xususan, joriy yilning 20 aprel kuni Jizzax viloyati Forish tumani kuzatilgan yog‘ingarchiliklar natijasida “Egizbuloq MFY”da yashovchi 5 nafar fuqaroni sel oqizib ketishi bilan halok bo‘lgan, 4 ta xonadonni suv bosgan, 10 ta xonadon jiddiy talofat ko‘rgan, shuningdek 10 may kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida bo‘lib o‘tgan kuchli yog‘ingarchiliklar va do‘l To‘palang daryosidan sel kelib, 2 nafar fuqaroni oqizib ketishi natijasida halok bo‘lgan.

O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishlari

Sayyoramizning ko‘pchilik mintaqalarida bo‘lgani kabi O‘zbekiston hududida ham global isish tendensiyasi oshib bormoqda. Meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun so‘nggi 7 yil eng iliq bo‘ldi. Eng iliq yillar qatorida birinchi o‘rinni 2016 va 2021 yillar egalaydi.

Havo haroratining ko‘tarilishi iqlim o‘zgarishining yagona ko‘rsatkichi emas. Global isish, birinchi navbatda, turli xil ob-havo anomaliyalarining ko‘payishiga olib keladi. Jahon Meteorologiya Tashkilotining Bosh kotibi, Petteri Taalas ekstremal hodisalar hayotimizning yangi me’yoriga aylanganini ta’kidladi.

Bahor va yoz oylarida anomal issiq davrlarning takroriyligi hamda jadalligi ortib bormoqda. Orol bo‘yi hududlari ushbu hodisaga ko‘proq moyildir. So‘nggi 5 yil ichida ushbu hududda deyarli har yili maksimal havo harorati rekordlari yangilandi.

Havo harorati 40o va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni ortdi. Cho‘l hududlarida, respublikaning shimoli va janubida g‘ayritabiiy issiq kunlar soni 25 dan 40 kungacha (me’yor 15-30 kun) bo‘lgan.

Quruq davrlarning davomiyligi ortmoqda, bu esa atmosfera qurg‘oqchiligi va suv taqchilligi oshishiga olib keladi. So‘nggi yillarda atmosfera qurg‘oqchiligi bo‘lgan kunlar soni 50-80 kunni tashkil etib, o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarda 30-70 kunni tashkil etmoqda.

Shtorm shamollar changli g‘uborlar hosil bo‘lishi va ularni tarqalishiga olib keladi. 2021 yil noyabr oyining boshida Toshkent shahrida, shuningdek Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida birinchi marta anomal tabiiy hodisa - ko‘rinuvchanlik 100-200 m gacha yomonlashishida chang-qum bo‘ronlari kuzatildi.

Tabiiy muxit ifloslanishi monitoringi

Mamlakatimizda atmosfera havosida ifloslantiruvchi moddalar miqdori, yer usti suvlari  va tuproq ifloslanishi ustidan monitoring tizimi tashkil etilgan.

Yer usti suvlari xolati ustidan kuzatuvlar 59 ta suv ob’ektida, 85 ta punktda, 107 ta kuzatuv nuqtasida 43 ta tarkibiy qismlar bo‘yicha har oyda amalga oshiriladi. Taxlil natijalari 90 % suv havzalarining  ifloslanish bo‘yicha sifat ko‘rsatkichlari – o‘rtacha ifloslangan (3 sinf) yoki ifloslangan (4 sinf) suvlar sinfiga kirishini, 10 % suv xavzalarida esa toza suvlar (2 sinf) qayd etilgan. Zarafshon, Chirchiq, Salar daryolari, Siyob, Sho‘ro‘zak, GPSK kollektorlari eng ifloslangan suv xavzalari sifatida qayd etilgan.

Tuproq ifloslanishi ustidan kuzatuvlar har yili bahor va kuz fasllarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning 107 ta tumanida joylashgan 212 ta xo‘jaliklarda olib boriladi. Shuningdek, 14 ta sanoat shaharlarida 20 ta ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham olib boriladi.  Ko‘p yillik taxlillar Andijon (1,3 dan 3,7) va Farg‘ona (1,3 dan 2) viloyatlarida yerlarni xlororganik pestitsidlarning qoldiq miqdori bilan ifloslanishini REMdan ortishi kuzatilgan.

Atmosfera havosida kimyoviy moddalar bilan ifloslanish ustidan kuzatuvlarlar  har kuni 25 shaharlarda 65 ta statsionar postlarda olib boriladi, ularda atmosfera havosida 10 ta gazli aralashmalar va 4 ta og‘ir metallar nazorat qilinadi (rux, mis, qo‘rg‘oshin, kadmiy).

So‘nggi bir necha yil ichida ko‘pgina shaharlar uchun nazorat qilinadigan ingredientlar bo‘yicha havoning ifloslanish darajasi barqarorligi qayd etilmoqda. 2010-2021 yillarda respublikada havoning ifloslanish darajasi pasayganligi kuzatilgan bo‘lsa, ifloslanish indeksi o‘sishi Angren, Olmaliq, Farg‘onada shaharlarida saqlanib qolgan.

Umuman olganda, respublikada atmosfera havosining ifloslanish darajasi me’yor darajasida bo‘lib, 2021 yil noyabr-dekabr va 2022 yil yanvar oylarida chang bo‘ronlari paytida havoning maksimal bir martalik ifloslanishi Guliston, Olmaliq, Chirchiq, Toshkent, Bekobod, Angren, Buxoro, Navoiy, Samarqand shaharlarida qayd etilgan.

So‘nggi vaqtda havoda chang (RM 2,5) miqdori to‘g‘risida ma’lumot dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. O‘zbekistonda iqlimning keskin o‘zgarishi ta’sirida yuqori xaroratni takrorlanishi, atmosfera qurg‘oqchiliklari, garimsellar, chang bo‘ronlari, shuningdek, sanoat korxonalari, avtotransport, qurilish industriyasi tashlamalari  ta’sirida aholi yashash joylarida changning me’yordan ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Mavjud standartlar xavodagi chang zarralari, ya’ni RM 2,5 ni aniqlash imkonini bermaydi xavo sifati bo‘yicha JSST me’yorlari O‘zbekistondagi mavjud normativlardan farq qiladi. Xavo sifati me’yorlarini xalqaro talablar, shuningdek, O‘zbekistonni tabiiy-iqlimiy sharoitlarini hisobga olgan xolda ishlab chiqish zarurati mavjud.

O‘zgidromet tomonidan ushbu muammoni bartaraf etish uchun “O‘zbekistonda atmosfera havosi ifloslanishi darajasini va aholi salomatligiga aerogen xavfni kompleks baholash asosida atmosfera havosi sifati monitoringi milliy axborot platformasini va mobil ilovani yaratish” loyihasini ishlab chiqib, Innovatsiya vazirligiga taqdim etdi. Loyiha doirasida havo sifati me’yorlari jaxon standartlari talabida ishlab chiqiladi, xavodagi zararli moddalarni inson salomatligiga ta’siri o‘rganiladi.