O‘TGAN FEVRAL OYI QANDAY BO‘LDI?

O‘TGAN FEVRAL OYI QANDAY BO‘LDI?

06.03.2025

O‘tgan fevral oyining harorat tartibi notekis bo‘ldi, bunday holat qishning oxirgi oyi uchun xosdir.

Fevral oyi davomida iliq to‘lqinlar va sovuq to‘lqinlar bir-biri bilan o‘rin almashib turishi kuzatildi.

O‘zbekiston hududining katta qismida o‘rtacha oylik havo harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lib, faqat Farg‘ona vodiysi hududlarida odatdagidan 1,5-2 darajaga iliqroq bo‘ldi.

Eng iliq davrlarda havo harorati me’yordan 5-8 darajaga yuqori bo‘ldi.

6-8 fevralda respublika hududining katta qismida kunduz kunlari havo 
14-17daraja iliqqacha, janubda 19-21 daraja iliqqacha isidi. Fevral oyi uchinchi o‘n kunligining boshida iliq kunlar kuzatildi, bunda harorat 18-21 daraja iliqqacha, janubda 23-24 daraja iliqqacha ko‘tarildi.

Fevral oyining birinchi kunlarida, ikkinchi o‘n kunligi boshida va oyining oxirida sovuq to‘lqinlar kuzatildi, bunda harorat me’yordan 3-5 darajaga, respublika shimolida 8-10 darajaga pasaydi.

Ushbu davrlarda havo harorati kechalari 0-5 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 0-5 daraja iliqqacha pasaydi. Respublika shimolida sovuq sezilarli darajada bo‘lishi kuzatildi, harorat kechalari 7-10 daraja sovuqqacha, ayrim eng sovuq kechalarda esa 13-18 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 2-7 daraja sovuqqacha pasaydi. 

 

 

Fevral oyida bunday harorat qiymatlari odatiy xol deb hisoblanadi. 
O‘tgan fevral oyidagi eng past va eng yuqori haroratlar butun kuzatuv tarixi uchun ham va ushbu asr uchun ham fevral oyi qiymatlari rekordidan uzoqdir.

Darhaqiqat, hatto ushbu asrda ham shunday fevral oylari kuzatilganki (2008, 2012, 2014 yillarda), unda kechalari harorat 12-17 daraja sovuqqacha, shimolda 25-30 daraja sovuqqacha pasaygan, barcha kuzatuv qatorlari uchun tarixiy rekordlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi., ular 23-28 daraja sovuqni, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 30-32 daraja sovuqni, Ustyurtda 38-40 daraja sovuqni tashkil etadi.

Shuningdek, fevral oyida maksimal haroratlar, ayniqsa so‘nggi yillarda, o‘tgan oyga qaraganda ancha yuqori bo‘ladi. 2004, 2016 va 2021 yillarda eng iliq davrlarda havo harorati 25-27 daraja iliqqacha, janubda 28-30 daraja iliqqacha ko‘tarilgan edi.

Fevral oyida yog‘ingarchilik notekis bo‘lishi kuzatildi. 

Oyning oxirgi besh kunligi oylik yog‘ingarchilik miqdoriga katta hissa qo‘shdi. Kavkaz hududlaridan sovuq va nam havoning keskin kirib kelishi hisobiga 23 fevralda respublikaning shimolida, 24-25 fevralda cho‘l hududlarda, 26fevralda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida qor ko‘rinishidagi kuchli yog‘ingarchilik qayd etildi.

Shu kunlarda tekistlik hududlarda ba’zi joylarda balandligi 15-22 sm gacha bo‘lgan qor qoplami hosil bo‘ldi, ammo qor qoplamining davomiyligi juda qisqa bo‘lib, qor 2-3 kunda butunlay eridi.

Umuman, hududning katta qismida fevral oyi quruq bo‘lib, oy davomida yog‘ingarchilik me’yordan kam (me’yordan 25% dan 70% gacha) bo‘lishi kuzatildi. Faqat yog‘ingarchilik me’yori juda kam bo‘lgan hududlarda – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida, Surxondaryo viloyatida ba’zi joylarda oy davomida yog‘ingarchilik me’yordan ko‘p va me’yor atrofida bo‘ldi.

Andijon va Farg‘ona viloyatlarining hududlari me’yorga nisbatan eng quruq hududlar bo‘lib, unda oylik yog‘in miqdori me’yorning 20% dan ko‘p bo‘lmadi.

Fevral oyida respublikaning tog‘li hududlarida ham yog‘ingarchilik 
kam bo‘ldi. Oy oxiriga kelib, tog‘larda qor qoplami balandligi me’yordan atigi 
40-60% ni tashkil etdi.