O‘ZBEKISTONDA AVGUST OYINING IQLIM XUSUSIYATLARI VA 2024YIL AVGUST OYI UCHUN OB-HAVO PROGNOZI
30.07.2024
Iyul oyining so‘nggi kunlari ham o‘tmoqda, yoz faslining oxirgi oyi – avgustning kirib kelishiga ham oz qoldi. O‘zbekistonda avgust oyi odatda qayday bo‘ladi?
Avgust oyida harorat foni asta-sekin pasayishni boshlaydi. O‘zbekiston hududi bo‘yicha avgust oyining o‘rtacha oylik harorati iyul oyiga nisbatan 1,5-2,5o ga pastdir.
Avgustda haroratning mutlaq maksimumi ham iyulning maksimumidan past bo‘ladi.
Shunday qilib, Toshkentda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng yuqori havo harorati iyul oyida 44,6o ni (bunday harorat 1997 yilda qayd etilgan),
avgust oyida esa 43,1o ni (1944 yil) tashkil etadi.
So‘nggi 10 yil ichida avgust oyida 41,8o bo‘lgan eng yuqori harorat 2019 yilda kuzatilgan.
Respublikaning eng chekka janubida, Termiz shahrida eng yuqori harorat
iyul oyida 48,6o ni (1914 yil), avgust oyida esa 46,3o ni (1947 yil) tashkil etadi.
Avgust iqlim xususiyatlari jihatidan iyul kabi issiq bo‘lmasada, bu hali ham juda issiq oy deb hisoblanadi.
Hududning katta qismida avgust oyida asosan kunduzgi harorat 33-38o ni, janubda va cho‘l hududlarda 37-42o ni tashkil etadi.
Issiq ob-havoning eng yuqori cho‘qqilarida ayrim kunlarda havo harorati
40-42o ga, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 43-45o ga yetadi.
Shunga qaramay, avgust oyining ikkinchi yarmida kuz fasli yaqinlashayotgani seziladi. Salqin havoning kirib kelish soni ko‘payadi. Harorat 40o va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni iyul oyiga nisbatan sezilarli darajada kamayadi.
O‘zbekiston hududining katta qismida avgust oyida havo harorati 40o dan yuqori bo‘lmagan yillar ham kuzatilgan va faqat shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ayrim kunlarda havo 41-43o gacha isigan. So‘nggi yillarda bunday avgust oylari 2020, 2021 va 2022 yillarda kuzatildi.
Tog‘ tizmalariga yaqinroq joylashgan hududlarda, ko‘p yillik kuzatuv ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida harorat deyarli hech qachon 40o gacha ko‘tarilmagan.
Ayrim yillarda avgust oyida salqin havo kirib kelishi O‘zbekiston hududi bo‘yicha kunduzgi haroratni 25-30o gacha, ba’zida esa undan ham pastroq 20-25o gacha pasaytiradi (2020 va 2023 yillarda avgust oyining oxirida shunday bo‘lgan).
O‘zbekistonda avgust - yilning eng quruq oyidir.
Avgust oyida yomg‘irlar juda kam yog‘adi, hududning katta qismida o‘rtacha
1 kundan 3 kungacha biroz yomg‘ir yog‘adi, o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik miqdori esa
1-2 mm dan, Farg‘ona vodiysida 3-5 mm dan ko‘p bo‘lmaydi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir tez-tez yog‘adi va o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik miqdori ba’zi joylarda 12-15 mm ni, Farg‘ona viloyati tog‘larida va Toshkent viloyatining baland tog‘larida 20-22 mm ni tashkil etadi.
Respublikaning ayrim hududlarida ushbu eng qurg‘oqchil oyda nisbatan jadallikdagi jala yomg‘irlar kuzatilgan istisno holatlar mavjud. Shunday qilib,
2020 yil avgust oyi oxirida O‘zbekistonning Markaziy viloyatlarida yog‘ingarchilik miqdori 10-34 mm bo‘lgan kuchli jala yomg‘irlar yog‘di.
Shu kuni Toshkentda 17 mm yog‘ingarchilik bo‘ldi (oylik me’yor 2 mm) – bunday holat avgust oyida bir kecha-kunduzlik yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha mutlaq rekorddir.
2023 yilning avgust oyi yog‘ingarchilik bo‘lishi jihatidan g‘ayrioddiy yil bo‘ldi.
Uzoq muddatli quruq va biroz issiq ob-havodan so‘ng, 2023 yil 27-31 iyul kunlari O‘zbekistonning deyarli barcha hududi bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘di.
Ba’zi joylarda yomg‘ir kuchli yog‘di – bir kecha-kunduzda, aniqrog‘i bir necha soat ichida yog‘ingarchilik miqdori avgust oyidagi oylik me’yordan bir necha baravar ko‘p bo‘ldi.
Respublikaning ayrim hududlarida bir kecha-kunduzlik yog‘ingarchilik miqdorining tarixiy maksimumlari yangilandi.
Eng e’tiborga loyiq rekordlar Sariosiyo meteostansiyasi (Surxondaryo viloyati tog‘ oldida) hududida o‘rnatildi, bunda oylik me’yor 0,4 mm bo‘lganda 3 soat 10 daqiqa ichida 35 mm, Qo‘qon meteostansiyasi (Farg‘ona vodiysi) hududida oylik me’yor
5 mm bo‘lganda 20 daqiqa ichida 35 mm yog‘ingarchilik bo‘ldi.
Joriy yilning avgust oyida bizni qanday ob-havo kutmoqda?
Avgust issiq ob-havo bilan boshlanadi. Oyning birinchi besh kunligida kunduz kunlari havo 39-41o gacha, janubda 42-44o gacha isiydi.
Keyinalik issiq biroz pasayadi va hududning katta qismida birinchi o‘n kunlikning oxirigacha kunduz kungi havo harorati 36-39o atrofida, janubda ba’zi joylarda
40-42ogacha bo‘ladi.
Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda harorat kechalari 22-25o dan 17-20o gacha, kunduz kunlari 35-38o dan 30-33o gacha o‘zgarib turadi.
Avgust oyi quruq bo‘lishi kutilmoqda. Oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan kam bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Oyning uchinchi o‘n kunligining ayrim kunlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.