O‘ZBEKISTON BOYICHA 11-15 DEKABR KUNLARIGA OB-HAVO PROGNOZI

O‘ZBEKISTON BOYICHA 11-15 DEKABR KUNLARIGA OB-HAVO PROGNOZI

11.12.2023

 

O‘tgan kechasi O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlari bo‘yicha qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatildi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Navoiy viloyatining shimolida ertalabga kelib, havo harorati 6-11o sovuqqacha, Ustyurtda 14o sovuqqacha pasaydi.

Bugun kunduzi sovuq va nam havo massasi asta-sekin respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. Barcha joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Farg‘ona vodiysi hududlarida esa yog‘ingarchilik kechga yaqin boshlanadi.

Ertaga qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida saqlanib turadi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

11-12 dekabr kunlari respublikaning tog‘li hududlarida ba’zi joylarda kuchli qor yog‘adi.

Chorshanbadan jumagacha O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.

11-13 dekabr kunlari sovuq kuchayadi va havo harorati kechalari 8-13o sovuqqacha, kunduz kunlari 3-8o sovuqqacha, shimolda kechalari 15-20o sovuqqacha, kunduz kunlari 7-12o sovuqqacha pasayadi. Respublika janubida kuchli sovuqlar kutilmaydi, kechalari harorat faqat 2-7o sovuqqacha pasayadi.

11-13 dekabrda yo‘llarda ba’zi joylarda yaxmalak yuzaga keladi.

14-15 dekabrda O‘zbekiston hududidan sovuq havo massasi chekina boshlaydi va sovuq kuchsizlashadi. Ish haftasining oxirida havo harorati kechasi 0-5o sovuq, kunduzi 2-7o iliq, shimolda kechachi 7-12o sovuq, kunduzi 0-5o sovuq atrofida bo‘ladi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushadi. Ayrim joylarda shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Poytaxtimizda: 11-12 dekabr kunlari vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir qorga aylanadi) bo‘ladi, 13-15 dekabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. 11-12 dekabrda shamol tezligi vaqti-vaqti bilan 12-15 m/s gacha kuchayadi. 12-15 dekabrda yo‘llarda yaxmalak yuzaga keladi.

Harorat 11 dekabrda 3-5o iliq, 12 dekabrda kechasi va kunduzi 5-7o sovuq, 13 dekabrda kechasi 11-13o sovuq, kunduzi 5-7o sovuq bo‘ladi. 14-15 dekabrda harorat kechasi 2-5o sovuqqacha, kunduzi 2-5o iliqqacha asta-sekin ko‘tariladi.