Ob-havoning o‘zgarishi qisqa muddatli bo‘ladi
06.10.2023
O‘ZBEKISTON BO‘YIChA 6-8 OKTABR KUNLARIGA OB-HAVO PROGNOZI
Kecha O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga Kavkaz hududlaridan nam havo massalari kirib keldi, bugun esa nam havo massalari respublikamizning barcha hududlariga tarqalmoqda.
Bugun kunduzi va 7 oktabrga o‘tar kechasi hududning katta qismida bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayadi. Havo harorati kechagi kunga nisbatan 6-8o ga past bo‘lib, 18-23o ni tashkil etadi.
Ertaga kunduzi nam havo massasi O‘zbekiston hududidan chekina boshlaydi va respublika bo‘yicha yana yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat ertalabki soatlarda markaziy va sharqiy viloyatlarning ayrim joylarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Yakshanba kuni esa O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Dam olish kunlari havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va yakshanba kuni 22-27o ni tashkil etadi.
Kechasi va ertalab salqin bo‘lishi kuzatiladi, havo harorati 9-14o atrofida bo‘ladi.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida 6-8 oktabr kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 6-7 oktabrda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Baland tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor.
Poytaxtimizda: havo o‘zgarib turadi, 6 oktabrda va 7 oktabrda kechasi vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 7 oktabrda ertalab biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin, kunduzi yog‘ingarchilik kutimaydi. 8 oktabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat asosan kechalari 11-14o, kunduzi 6 oktabrda 21-23o, 7-8 oktabrda 23-26o bo‘ladi.