USHBU YILNING OKTABR OYI QANDAY BO‘LADI?
27.09.2023
Kuzning birinchi oyi - sentabr ham oxiriga yetib kelmoqda. Ko‘pincha kuzatilganidek, ushbu yilning sentabr oyi juda qulay harorat foni bilan quruq bo‘ldi.
Respublika hududining katta qismida sentabr oyida yomg‘ir umuman yog‘madi yoki biroz yog‘ishi kuzatildi. Havo harorati 27-32o atrofida, janubda ayrim kunlarda 35-39o gacha bo‘ldi.
Bu yilning oktabr oyi ham shunday quruq va biroz iliq ob-havo bilan boshlanadi.
Oyning birinchi haftasida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kechasi va ertalab havo harorati 11-16o atrofida bo‘lgan salqinlik his etiladi. Kunduz kunlari quyosh nurlari havoni 23-28o gacha, janubda ba’zi joylarda 30o gacha isitadi.
Keyinchalik oyning oxirigacha respublika hududi bo‘yicha harorat kechalari 10-15o iliqdan 3-8o iliqgacha, kunduz kunlari 23-28o dan 13-18o gacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va Navoiy viloyatining shimolida oyning ikkinchi yarmida kechasi va ertalab havoda kuzgi sovuq va tuproqda 0-3o sovuqgcha kuzatilishi mumkin. Bunday harorat oktabr oyining iqlimiy me’yoriga yaqindir.
Oktabr oyida yomg‘irlar birinchi o‘n kunlikning oxirida, shuningdek ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarning ayrim kunlarida kutilmoqda.
Iqlimiy me’yorlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik oktabr oyida 4 kundan 8 kungacha, respublikaning eng chekka janubida 1 kundan 3 kungacha kuzatiladi. Yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida bo‘ladi, ammo havoda keskin sovuq kuzatilganda yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanishi istisno qilinmaydi.
Tungi havo haroratining o‘rtacha ko‘p yillik qiymati 6-11o iliqni tashkil etadi, lekin ko‘pincha oktabrda, ayniqsa oyning ikkinchi yarmida birinchi kuzgi sovuqlar kuzatiladi.
Oktabr oyida kunduzgi harorat odatda 23-28o iliqdan 10-15o iliqgacha o‘zgarib turadi.
Albatta, tabiat o‘z tuzatishlarini amalga oshiradi va ba’zida haroratning yoki yog‘ingarchilikning haqiqiy qiymatlari ko‘p yillik davr qiymatlaridan sezilarli darajada farq qilishi mumkin.
Masalan, Toshkentda meteorologik kuzatishlarning 150 yillik tarixi davomida ayrim yillarda oktabr oyida maksimal havo harorati 33-35o ga yetgan. Oktabr oyi haroratining mutlaq maksimumi 37,5o ni tashkil etadi, bunday harorat 1941 yilda kuzatilgan.
Toshkent uchun oktabr oyida minimal harorat rekordi 11,2o sovuqni tashkil etadi, ammo bu juda uzoq vaqt oldin, o‘tgan asrning boshlarida bo‘lgan. Oxirgi 30 yil ichida Toshkentda minimal harorat 1-2o sovuqdan pastga tushmadi.
So‘nggi 30 yil ichida O‘zbekistonning barcha hududi bo‘yicha 2015 yilning oktabr oyi eng yomg‘ir ko‘p yog‘gan yil bo‘ldi. Ushbu yilda Toshkentda oktabr oyida yog‘ingarchilik miqdori me’yoridan 3,5 marta ko‘p bo‘ldi, bunda ikki kunda 45 mm yog‘ingarchilik bo‘ldi, bu oktabr oyining oylik me’yoridan 2 marta ko‘pdir.
Ayrim yillarda oy uchun yog‘ingarchilik kuzatilgan kunlar soni 2-3 kundan ko‘p emas, lekin ba’zida, albatta juda kamdan-kam hollarda Toshkentda umuman yog‘ingarchilik kuzatilmagan edi. Oxirgi marta bunday holat 2020 yilning oktabr oyida kuzatilgan.
Bunday qiziqarli faktlarni meteorologik kuzatuv yilnomalarini o‘rganish orqali topish mumkin.