Bayram kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi
31.08.2023
O‘ZBEKISTON BO‘YICHA 31 AVGUST VA 1-3 SENTABR KUNLARIGA OB-HAVO PROGNOZI
So‘nggi haftada O‘zbekistonda mintaqamiz uchun avgust oyining oxiriga xos bo‘lmagan ob-havo bo‘ldi. Respublika hududi bo‘yicha yomg‘ir yog‘ishi, ba’zi joylarda momaqaldiroq va shamolning kuchayishi bilan birin-ketin nam havo kirib keldi.
Ammo bugun, bayram kunlari arafasida, butun respublika bo‘yicha ertalab yomg‘ir to‘xtadi va osmon asta-sekin bulutlardan tozalanmoqda.
Bugun va 1-3 sentabr bayram kunlari O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha havo biroz bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, kunduzi 25-30o bo‘lgan juda qulay harorat kuzatiladi. Ertalab sezilarli darajada salqin, harorat 14-17o atrofida bo‘ladi.
Poytaxtimizda: 31 avgust 1-2 sentabr kunlari havo asosan kam bulutli bo‘ladi, 3 sentabrda bulutlilik biroz kuchayadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat kunduzi 26-29o, kechasi 15-17o bo‘ladi.
O‘zgidromet sinoptiklari O‘zbekiston aholisini Mustaqillik Kuni bilan tabriklaydi! Go‘zal yurtimizga tinchlik va yanada farovonlik tilaymiz, xalqimiz hayoti baxtli va farovon bo‘lsin.