Bugun va dam olish kunlari quruq va o‘rtacha issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.
18.08.2023
O‘ZBEKISTON BO‘YICHA 18-20 AVGUST KUNLARIGA OB-HAVO PROGNOZI
Ushbu haftaning eng boshida O‘zbekiston hududiga Ural hududlaridan salqin havo massasi kirib keldi, buning natijasida respublikaning barcha hududlarida havo harorati pasaydi. Kunduzgi harorat 27-30o gacha pasaydi va hatto eng cheka janubda ham 32-34o dan yuqori bo‘lmadi.
Hafta o‘rtasidan boshlab salqin havo mamlakatimiz hududidan chekina boshladi va havo harorati asta-sekin ko‘tarildi. Kecha kunduz kuni havo 33-35o gacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 36-37o gacha isidi. Kechasi va ertalab iliqroq bo‘ldi.
Bugun va dam olish kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq va kam bulutli ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati yana 1-2o ga ko‘tariladi va kechalari 18-20o, kunduz kunlari 35-37o atrofida, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 38-39o gacha bo‘ladi.
Bunday harorat avgust oyi o‘rtasi uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlarga yaqin va eng issiq yillarda avgust oyida O‘zbekiston hududi bo‘yicha kuzatilgan haroratdan nisbatan pastdir.
20 avgust kuni shimolda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.
Poytaxtimizda: 18-20 avgust kunlari havo kam bulutli bo‘ladi. Bugun kunduzi va dam olish kunlari harorat 34-37o bo‘ladi. Shamol sharqdan birozdan o‘rtachagacha esadi.