O‘ZBEKISTON BO‘YIChA 7-11 AVGUST KUNLARIGA OB-HAVO PROGNOZI
07.08.2023
Kecha O‘zbekiston hududiga Ural hududlaridan nam va nisbatan salqin havo tarqala boshladi. Respublikaning qator hududlarida biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib o‘tdi, ba’zi joylarda momaqaldiroq kuzatildi. Havo harorati hududning katta qismida 30-35o gacha pasaydi.
Bugun va ertaga respublika bo‘yicha harorat asosan 30-35o, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 37-39o gacha bo‘lgan nisbatan salqin ob-havo saqlanib turadi. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, bugun kunning ikkinchi yarmida Toshkent viloyati bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Ayrim joylarda shamol tezligi chang-to‘zon bilan 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Hafta o‘rtasida O‘zbekiston bo‘yicha havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati ko‘tariladi va 35-37o atrofida, janubda va cho‘l hududlarda 38-39o gacha bo‘ladi.
Hafta oxiriga kelib, harorat foni yana 2-3o ga pasayadi.
Poytaxtimizda: bugun 7 avgust kuni havo o‘zgarib turadi, kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi, shamol tezligi 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 30-32o bo‘ladi.
8-11 avgust kunlari havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yo‘nalishdagi shamol tezligi birozdan o‘rtachagacha esadi. Harorat 8 avgustda 32-34o, 9-11 avgustda 34-37o bo‘ladi.