Yoz faslining o‘rtasida bizni qanday ob-havo sharoiti kutmoqda

Yoz faslining o‘rtasida bizni qanday ob-havo sharoiti kutmoqda

27.06.2023

IYUL OYI PROGNOZI

Iyul - yozning eng qizg‘in davri va aynan iyul oyida mamlakatimizda eng yuqori havo haroratlari kuzatiladi. O‘zbekistonda iyul oyining o‘rtacha maksimal harorati (yoki iqlim me’yori) 35-37o ni, janubda va cho‘l hududlarda 38-40o ni tashkil etadi. Albatta, har yili iyul oyida kuchli issiq davrlar kuzatiladi, bunda havo harorati 39-41o gacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 43-45o gacha ko‘tariladi, eng issiq yillarda esa undan ham yuqori bo‘ladi.

So‘nggi 8 yil ichida O‘zbekistonda barcha iyul oylari iqlim me’yoridan issiqroq bo‘ldi va meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq o‘ntalikka kirdi.

O‘zbekistonda 2019 yilning iyul oyi eng issiq bo‘lib, uning o‘rtacha harorati me’yordan 2-4o ga yuqori bo‘ldi. 2018 yil va 2021 yillarning iyul oylari 2019 yil iyul oyining harorat foni bo‘yicha yaqin bo‘ldi. Shu yillarda maksimal havo harorati 40-43o gacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 44-45o gacha ko‘tarildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda havo haroratining (46-48o) tarixiy maksimumi qayd etildi.

Respublikaning qolgan hududlarida maksimal haroratning mutlaq rekordlari boshqa yillarda o‘rnatildi. Shunday qilib, Toshkentda havo harorati 44,6o ni tashkil etgan rekord hali ham saqlanib turibti, u 25 yil oldin - 1997 yil iyul oyida qayd etilgan.

2023 yil iyun oyida O‘zbekiston aholisi uzoq vaqt davomida juda issiq ob-havoni kuzatdilar. Issiq deyarli oyning boshidan boshlandi va ikkinchi o‘n kunlikning oxirigacha davom etdi.

Iyun oyining oxirgi o‘n kunligi o‘rtalarida issiq sezilarli darajada zaiflashdi va havo harorati qisqa davrga iqlim me’yoridan pastga tushdi. Oyning oxiriga kelib, havo harorati yana ko‘tarila boshladi.

Kelayotgan iyul oyida bizni qanday ob-havo kutmoqda?

Jahon prognostik markazlarining hisob-kitoblariga asosalangan holda, O‘zgidrometning dastlabki prognozi bo‘yicha iyul oyi juda issiq BO‘LMASLIGI kutilmoqda.

Hududning katta qismida o‘rtacha oylik harorat o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda va faqat shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda me’yordan 1-1,5o ga yuqori bo‘ladi.

O‘zbekiston hududida Eron hududlaridan yana issiq havo kirib kelishi hisobiga iyul oyi issiq ob-havo bilan boshlanadi. 1-3 iyul kunlari havo haroratining qiymatlari 37-40o ga, cho‘l hududlarda va respublikaning janubida 41-43o ga yetadi.

Lekin iyul oyi birinchi o‘n kunligining o‘rtalariga kelib, harorat
3-5o ga pasayishi kutilmoqda.

Keyinchalik, oyning oxirigacha havo harorati kechalari 20-25o atrofida, ba’zi joylarda 27o gacha, kunduz kunlari 33-38o gacha, ayrim kunlarda 39-41o gacha, janubda va cho‘l hududlarda 42-45o gacha bo‘ladi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda, asosan tog‘ oldi va tog‘li hududlarda, ayrim kunlarda mahalliy qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.