O‘zbekiston bo‘yicha 9-11 iyun kunlariga ob-havo prognozi
09.06.2023
DAM OLISh KUNLARI ISSIQ BIROZ PASAYADI
Ushbu haftaning o‘rtasidan O‘zbekistonning g‘arbiy hududlariga Volga bo‘yi hududlaridan nisbatan salqin havo kirib keldi.
Ikki kun davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo harorati 7-10o ga pasaydi va kecha kunduzni 30-35o ni tashkil etdi.
Bugun Buxoro, Navoiy viloyatlarida, shanba va yakshanba kunlari markaziy, janubiy va sharqiy viloyatlarda issiq biroz pasayadi. Biroq, respublika hududining katta qismida haroraning pasayishi shimoliy hududlardek sezilmaydi. Kunduzgi harorat 33-38o gacha pasayadi.
Bugun va dam olish kunlari respublika bo‘yicha quruq ob-havo saqlanib turadi, faqat tog‘li hududlarda shanba va yakshanba kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
9-11 iyun kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.
Poytaxtimizda 9-11 iyun kunlari havo biroz bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 5-10 m/s tezlikda esadi, 9-10 iyunda
12-15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat bugun kunduzi 38-40o, dam olish kunlari 36-38o bo‘ladi.
Haroratning pasayishi uzoq davom etmaydi. Keyingi haftada harorat foni avvalgi 35-40o, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 41-42o gacha bo‘lgan qiymatlarga qaytadi.