O‘zbekiston bo‘yicha 2-4 iyun kunlariga ob-havo prognozi

O‘zbekiston bo‘yicha 2-4 iyun kunlariga ob-havo prognozi

02.06.2023

O‘zbekiston bo‘yicha 2-4 iyun kunlariga  ob-havo prognozi

YOZNING BOShI ISSIQ BILAN BOShLANDI

O‘zbekiston hududi bo‘yicha hafta davomida kuzatilgan quruq va o‘rtacha issiq ob-havo dam olish kunlarida ham saqlanib turadi.

2-4 iyun kunlari respublikaning barcha hududlarida havo biroz bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Havo harorati 34-39o atrofida bo‘ladi. Bunday harorat iyun oyining boshidagi me’yoriy qiymatlardan 2-4o ga yuqoridir. Ammo O‘zbekistonning meteorologik kuzatuvlari yilnomasida ayrim yillar borki, ushbu yillarda havo harorati iyun oyining eng boshida 38-40o gacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 41-43o gacha ko‘tarilgan.

Respublikaning tog‘li hududlarida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi, faqat Farg‘ona vodiysi bilan chegaradosh ayrim tog‘li hududlarda bugun kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Shimolda va cho‘l hududlarda 2 iyunda shamol 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

 

Poytaxtimizda 2-4 iyun kunlari havo kam bulutli bo‘ladi, sharqiy yo‘nalishdagi shamol birozdan o‘rtachagacha esadi. Harorat 34-37o atrofida bo‘ladi.