O‘zbekiston bo‘yicha 8-12-may kunlariga ob-havo prognozi
08.05.2023
Bugun va ish haftasi davomida O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo asosan kam bulutli va quruq bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va hafta o‘rtasiga kelib kechalari 13-18o ni, kunduz kunlari 30-35o ni tashkil etadi, janubda va cho‘l hududlarda 36-38o gacha bo‘ladi. Bu may oyining ushbu davri uchun o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 5-7o ga yuqoridir.
12 mayda respublika hududiga Turkmaniston hududlaridan nisbatan nam havo kirib keladi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunzgi havo harorati 2-3o ga pasayadi va 27-32o ni tashkil etadi.
8-9 may kunlari shimolda, 11-12 may kunlari esa respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 8 va 11-12 mayda momaqaldiroq bilan mahalliy yomg‘irlar yog‘ishi mumkin.
Poytaxtimizda 8-11 mayda havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorati 8 mayda 25-27o gacha, 10-11 may kunlari 32-34o gacha asta-sekin ko‘tariladi.
12 mayda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzgi harorat nisbatan pasayadi.
O‘zgidromet sinoptiklari mamlakatimizning barcha aholisi va mehmonlarini 9 May - Xotira va qadrlash kuni bilan tabriklaydi. Barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga baxt va farovonlik tilaymiz. Yurtimizda doimo tinchlik hukm sursin, osmonimiz musaffo, xalqimiz abadiy bo‘lsin!