2023 YIL MAY OYIDA O‘ZBEKISTON AHOLISINI QANDAY OB-HAVO KUTMOQDA
02.05.2023
May oyi - bahor faslining oxirgi oyidir. May oyida havo haroratining barqaror o‘sishi davom etadi. Iqlim xususiyatlariga ko‘ra (ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha qiymatlar) may odatda havo iliq bo‘ladi, aprel oyiga nisbatan o‘rtacha 4-6o ga iliqroqdir.
Hududning katta qismida oyning birinchi yarmida o‘rtacha kunduzgi harorat 24-27o ni, ikkinchi yarmida esa 28-31o ni tashkil etadi. May oyida yoz faslidagi kabi harorat 35-37o gacha bo‘lgan issiq kunlar ham kuzatiladi. Meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun may oyining mutlaq maksimumi 39-41o ni, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 43-45o ni tashkil etadi.
Biroq, juda kamdan-kam hollarda, may oyida ham kunduzgi harorat 13-18o gacha pasayadigan kunlar kuzatiladi. Respublika hududining katta qismida 1989 yilning may oyi boshida kechalari sovuq kuzatilgan. Bu O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng kechki sovuqlardir.
May - hali ham yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladigan oy deb hisoblanadi. May oyidagi oylik yog‘ingarchilik me’yori mart va aprel oylariga nisbatan taxminan uchdan bir qismga kamroqdir. May oyida yomg‘ir, ko‘pincha, qisqa muddatli tavsifga ega va deyarli har doim momaqaldiroq bilan kuzatiladi.
Ushbu yilda may quruq va iliq ob-havo bilan boshlanadi.
1-may kuni havo harorati 30-33o atrofida bo‘ladi. So‘ngra, hafta davomida havo harorati biroz pasayadi va kunduzi 23-28o ni tashkil etadi, o‘n kunlikning eng oxirida esa harorat yana ko‘tarila boshlaydi. Keyinchalik may oyining oxirigacha harorat kechalari 10-13o dan 17-20o gacha, kunduz kunlari 22-25o dan 32-35o gacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.
1-maydan 10-maygacha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat 4-may kuni shimoli-g‘arbiy hududlarda, 6-7 may kunlari respublikaning qolgan hududlarida asosan jadalligi biroz bo‘lgan momaqaldiroqli qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘ishi mumkin. Umuman olganda, may oyida yog‘ingarchilik me’yordan kam, ba’zi joylarda me’yor atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Ammo shuni esdan chiqarmasligimiz joizki, may oyida ob-havo o‘zgaruvchandir. Ko‘pincha may oyida kuchli jala yomg‘irlar yog‘adi, bunda bir necha soat ichida oylik yog‘ingarchilik me’yorining yarmigacha yoki undan ko‘p qismi yog‘ishi kuzatiladi.
Shunday qilib, Toshkentda bir kecha-kunduz uchun maksimal yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yor 41 mm bo‘lganda 50 mm ni tashkil etadi, Toshkent viloyatining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida may oyining ayrim kunlari bir kecha-kunduzgi yog‘ingarchilik miqdori 90-120 mm bo‘lgan juda kuchli jala yomg‘irlar yog‘ishi kuzatilgan edi. Ko‘pincha bunday yomg‘irlar mahalliy xarakterga ega va hatto bitta shahar ichida juda turli jadallikka egadir.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda kuchli jala yomg‘irlar yog‘ib o‘tishi ayniqsa xavflidir. Ular sel kabi tabiiy hodisaning shakllanishiga olib kelishi mumkin.
Sel oqimlarini prognoz qilish va iqtisodiyot tarmoqlari va aholini o‘z vaqtida xabardor qilish O‘zgidromet faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. O‘zgidromet prognozlari va tezkor gidrometeorologik axborotlarini kuzatib boring, shunda siz salbiy tabiat hodisalardan kelib chiqadigan zararni oldini olish choralarini ko‘rishingiz mumkin.