O‘zbekiston bo‘yicha 14-16 aprel kunlariga ob-havo prognozi

O‘zbekiston bo‘yicha 14-16 aprel kunlariga ob-havo prognozi

14.04.2023

O‘zbekiston bo‘yicha 14-16 aprel kunlariga  ob-havo prognozi

 

 

Ob-havoni keskin o‘zgarishi:

kuchli shamol, yomg‘ir va havoni salqinlashishi kutilmoqda.

 

Bugun O‘zbekistonning katta qismida quruq va juda iliq ob-havo saqlanib turadi. Faqat respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlariga Turkmaniston orqali Kaspiy dengizidan salqin va nam havo massalari kirib keladi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kechga tomon Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati kunning o‘rtasiga kelib 33-35o gacha, ayrim joylarda 37o gacha ko‘tariladi, shimoliy hududlarda 20-25o dan oshmaydi.

Ertaga salqin va nam havo massalarining kirib kelishi sharq tomonga qarab harakatlanadi. O‘zbekiston bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi, ayrim joylarda do‘l yog‘ishi mumkin. Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida faqat kechasi va ertalab momaqaldiroqli yomg‘irlar saqlanib turadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Kunduzgi havo harorati 20-25o gacha pasayadi.

Yakshanba kuni respublikamizda yog‘ingarchilik kutilmaydi., faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati kechasi 10-15o ni, kunduzi 20-25o ni tashkil etadi, shimolda kechasi 0-5o iliqgacha, kunduzi 7-12o iliqgacha pasayadi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ba’zida esa 25-28 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, dam olish kunlari ba’zi joylarda qorga aylanadi.

Dam olish kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

 

Bugun poytaxtimizda: yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 5-10 m/s tezlikda esadi, 12-15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati 32-34o gacha ko‘tariladi.

Shanba kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi, do‘l yog‘ishi mumkin. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 5-10 m/s tezlikda esadi, 12-17 m/s gacha kuchayishi mumkin. Yakshanba kuni kechga tomon biroz yomg‘ir yog‘adi. Shamol shimoli-sharqiy yo‘nalishda 5-10 m/s tezlikda esadi. Dam olish kunlari harorat kechalari 11-13o ni tashkil etadi, kunduz kunlari 21-23o atrofida bo‘ladi.