Qishning oxirgi oyi. Bu yil fevral oyi qanday bo‘ladi?
31.01.2023
Bu yil o‘zbekistonliklar iqlimimiz uchun noodatiy sovuq yanvar oyini boshdan kechirdi. 2000-yillarning boshidan beri ushbu yilning yanvar oyidan faqat 2008-yil yanvar oyi umuman sovuqroq bo‘ldi.
Mamlakatimizning ayrim hududlarida, xususan, Toshkent shahrida eng sovuq kechalarda havo harorati ko‘rsatkichlari nafaqat 2008-yildagidan past, balki so‘nggi yarim asrdagi eng past ko‘rsatkich bo‘ldi.
Toshkent, Jizzax viloyatlari va respublika janubidagi ayrim stansiyalarning kuzatuvi natijalariga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyida meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun minimal havo haroratining mutlaq rekordlari qayd etildi.
Yanvar oyining oxirgi kunlarida sovuq asta-sekin chekindi. Ushbu tendensiya fevral oyining boshida ham saqlanib turadi. Respublikamiz hududiga O‘rta yer dengizi hududlaridan nam va nisbatan iliq havo kirib keladi.
Fevral oyining birinchi o‘n kunligida harorat asosan kechalari 0-5o iliq, ba’zi joylarda 2o sovuqgacha, kunduz kunlari 3-8o iliqgacha, ba’zi joylarda 10-12o iliqgacha, shimolda kechalari 3-8o sovuq, kunduz kunlari 2-7o iliq atrofida bo‘ladi.
O‘n kunlik nisbatan yog‘ingarchilikka boy bo‘ladi. Respublikaning barcha hududlari bo‘yicha vaqti-vaqti bilan asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi. Ba’zi joylarda qorga aylanishi bilan asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi.
Keyinchalik, fevral oyining oxirigacha harorat kechalari 2-7o iliqdan 0-5o sovuqgacha, kunduz kunlari 2-7o iliqdan 12-17o iliqgacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.
Ayrim kunlarda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda qor va yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi.