Farg‘ona vodiysida 2021 yil 20 iyul kuni kuzatilgan gidrometeorologik hodisalar tahlili

Farg‘ona vodiysida 2021 yil 20 iyul kuni kuzatilgan gidrometeorologik hodisalar tahlili

21.07.2021

20 iyul kuni kunning ikkinchi yarimida Farg‘ona vodiysi viloyatlarining shimoliy hududlarida mahalliy xususiyatga ega to‘p-to‘p rivojlanuvchi bulutlar paydo bo‘lishi uchun qulay sharoitlar yuzaga keldi. Natijada, vodiy viloyatlarida beqaror ob-havo kuzatildi.

Mahalliy vaqt bilan soat 16:30 da Andijon viloyati sharqiy qismidan Qo‘rg‘ontepa tumani va Xonabod shaharchalariga qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi Jalalobod viloyati Oqsuv tumani hududlaridan to‘p-to‘p rivojlangan bulutlar kirib kela boshladi. Xonabod shaharchasida kuchli jala yog‘inlar yog‘ib o‘tdi. Bulutli jarayon Andijon shahri orqali qo‘shni Qirg‘izistonning O‘sh shahri tomon harakatlanishi kerak edi. Havodagi nisbiy namlikning quruqligi bois, jarayon tezda so‘ndi. Qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi Jalalobod viloyatidagi kuchli yog‘inlar, Andijon viloyati ayrim soylariga sel kelishiga olib keldi.

Mahalliy vaqt bilan soat 18:21 dan Namangan viloyati Kosonsoy tumani shimoliy hududlariga qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyati Olabuqa tumanlaridan to‘p-to‘p rivojlangan bulutlar kirib kela boshladi. Harakat yo‘nalishi Farg‘ona vodiysi markaziga, so‘ng, janubi g‘arbga tomon yo‘naldi. Bulutli jarayonlardan Namangan shahri, Kosonsoy, Yangi Namangan, Davlatobod, Uychi va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida davomli kuchli jala yog‘inlar yog‘ib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va tog‘li hududlarda 2021 yil
20 iyul kuni qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi haqidagi prognozlarni O‘zgidromet 19 va 20 iyulda taqdim etgan.

Namangan shahridagi kuzatuv meteorologik stansiyada umumiy miqdorda 25 mm yog‘ingarchilik kuzatildi. Bu qiymat Namangan shahrida yil davomida yog‘adigan umumiy yog‘in miqdorining 15% demakdir. Kuchli va davomli jala yog‘ingarchilik ortidan, Namangan shahri, Kosonsoy, Davlatobod, Yangi Namangan va To‘raqo‘rg‘on tumanlari ayrim ko‘chalarida suv bosish hodisalari kuzatildi. Kosonsoy va To‘raqo‘rg‘on tumanlaridan oqib o‘tuvchi “Kosonsoy” soyida sel kelish holatlari qayd etildi.

Mahalliy vaqt soat 20:45 dan Namangan viloyati Pop tumani tog‘li hududlaridan Farg‘ona vodiysi markaziy hududlariga to‘p-to‘p rivojlanuvchi bulutlar oqimi kirib keldi. Jarayon shimoli g‘arbdan janubi sharq tomon harakatlandi. Bulutlar oqimi avval Namangan viloyatida, keyin Farg‘ona viloyatlarida jala yog‘inlar yog‘ishiga olib keldi.

          Mahalliy vaqt soat 21:40 dan Farg‘ona vodiysida kuchli jala yog‘inlar yog‘ishi tezligi pasaydi.

2021 yil 21-23 iyul kunlari kutilayotgan mahalliy yomg‘irlar sababli, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi mavjud.