O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasini BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi 27 - yig‘ilishi yakuni bo‘yicha matbuot anjumani

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasini BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi 27 - yig‘ilishi yakuni bo‘yicha matbuot anjumani

28.11.2022

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasini BMTning  iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi 27 - yig‘ilishi  yakuni bo‘yicha matbuot anjumani

Joriy yilning 28-noyabr kuni AOKA zalida  “O‘zbekiston delegatsiyasining BMT iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi 27-yig‘ilishidagi ishtiroki” yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Matbuot anjumanida O‘zgidromet Bosh direktori o‘rinbosari Ibratjon Alijanovich Karimov va Oliy majlis senatinning Orol bo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi yetakchi maslahatchisi Sanginov Sadrasul Saidakbarovich ishtirok etdilar.

Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi 13-18 noyabr kunlari Misr Arab Respublikasining Sharm-Esh-Sheyx shahrida BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasining 27 - yig‘ilishida ishtirok etgani yuzasidan ma’lumot berildi.

Ushbu tadbirda 192 davlatdan 45 mingdan ortiq vakillar, jumladan, 100 nafar jahon yetakchilari ishtirok etdi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi Konvensiyaga a’zo mamlakatlarning issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha yangi majburiyatlari bo‘yicha Parij kelishuvi ijrosini sarhisob qilishdan iborat.

Ma’lumot uchun: Parij bitimining 4-moddasi 9-bandiga muvofiq, Tomonlar Konferensiyasi qaroriga muvofiq davlatlar har besh yilda bir marotaba milliy miqyosda belgilangan badal to‘g‘risida xabar beradi va inventarizatsiya axborot asosi sifatida global kelishuv natijalaridan foydalanadi.

O‘zbekiston o‘tgan yili 2030 yilga kelib issiqxona gazlari emissiyasini yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan 35 foizga kamaytirish bo‘yicha majburiyatlarini e’lon qilgan.

Milliy delegatsiyalarning uchrashuvlari uch xil formatda:

birinchisi - rasmiy muzokaralar;

ikkinchisi - yuqori mansabdor shaxslarning siyosiy darajadagi uchrashuvlari va bayonotlari;

uchinchisi - norasmiy tadbirlar, bunda asosiy ishtirokchilar moliya institutlari, yirik kompaniyalar, xo‘jalik birlashmalari, jamoat tashkilotlari bilan o‘tkazildi.

O‘zgidromet vakillari iqlim siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini tushunish, konvensiyaning asosiy va yordamchi organlari qarorlari bilan tanishish maqsadida muzokaralar jarayonida ishtirok etdi.

Muzokaralar jarayoni doirasida mamlakatlarning uglerod neytralligiga erishish qarori keng muhokama qilindi.

Sharm ash-Shayxda o‘tkazilgan konferensiyaning asosiy natijalaridan biri – bu dunyodagi rivojlangan yirik davlatlar kam rivojlangan
va rivojlanayotgan mamlakatlarning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq salbiy oqibatlarni yo‘qotish va zararlarni qoplash uchun loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan bayonotlari bo‘ldi.

Tadbirlar doirasida Markaziy Osiyoda qayta tiklanadigan energiya manbalarini, energiyani tejash, iqlimiy bilimlar va ma’lumotlarni iqlim bo‘yicha harakatlarni amalga oshirish vositalari sifatida ilgari surish, mintaqaviy hamkorlik istiqbollari, mintaqada iqlim o‘zgarishiga moslashish amaliyotini joriy etish bo‘yicha sayi-harakatlar muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomoni xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlik qilishga tayyorligini hamda iqlimga moslashish loyihalarini ilgari surish, cho‘llanish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish uchun mintaqaviy Iqlim kengashini tuzish tarafdori ekani ta’kidlandi.

Kelgusi yili O‘zbekistonda cho‘llanishga qarshi kurashish va yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha BMTning ikkita yirik tadbirini o‘tkazishlishi belgilangan bo‘lib, ushbu tadbirda ishtirok etish uchun xalqaro hamjamiyat taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi – delegatsiya rahbari T. Narbaeva, Misr Senati raisi A.Abdurozziq va Arab davlatlari ligasining Arab parlamenti raisi al-Asumiy bilan uchrashuvlarni o‘tkazdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisining o‘rinbosari B. Alixanov konferensiya doirasida Parlamentlararo ittifoq va Misr vakillar palatasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan  parlamentlar uchrashuvida ishtirok etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan forum qatnashchilariga O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, atrof muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berilib, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi, mintaqada iqlim o‘zgarishining oldini olish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Jumladan, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda Orolbo‘yi mintaqasi ekotizimini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda "Yashil makon" umummilliy harakati doirasida har yili 200 mln ko‘chat ekilayotganligi xususida batafsil ma’lumot berildi.  “Yashil iqtisodiyot”, “yashil energetika” tamoyillarini joriy etish, iqlim o‘zgarish oqibatlarini yumshatishi bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi  jahon hamjamiyatiga yetkazildi.