ATMOSFERA HAVOSINING IFLOSLANISh MUAMMOSI DOLZARB MUAMMOGA AYLANIB BORMOQDA
16.10.2022
Atmosfera havosining ifloslanish muammosi dolzarb muammoga aylanib bormoqda. Uzoq vaqt davomida yog‘ingarchilikning yo‘qligi, kuchsiz shamollar, haroratning inversiyasi atmosfera havosining turg‘unligiga imkon beradi, bu esa ifloslantiruvchi moddalarning to‘planishi uchun sharoit yaratadi.
Respublikamizda havoning chang bilan ifloslanishi nafaqat tabiiy xususiyatlar (quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar), balki antropogen ifloslanish (avtomobil chiqindilari, sanoat, qurilish, issiqlik elektr stansiyalari) bilan ham bog‘liq.
Shahardagi atmosfera bo‘shlig‘ining past shamollatilishi, shahar transportining ko‘pligi, yo‘llarning tirbandligi, keng ko‘lamli qurilishlar, shuningdek, daraxtlarni kesish, maysazorlar va magistral yo‘llarning keng ko‘lamda sug‘orilishining mavjud emasligi - bularning barchasi meteorologik sharoitlar va antropogen yuklanishga, havoning yuqori ifloslanishiga olib keladi.
Oxirgi kunlarda kechki va tungi vaqtda Toshkent shahrida havoning yuqori darajada ifloslanishi kuzatilmoqda. Harorat inversiyasi tufayli kechqurun havo haroratining keskin pasayishi atmosfera havosining turg‘unligiga imkon beradi, havoda ifloslantiruvchi moddalarning to‘planishi uchun sharoit yaratadi.
15 oktabr soat 23:00 da 170C havo haroratida PM2,5 mayda dispersli zarrachalar konsentratsiyasi 62 mkg/m3 ni tashkil etdi. Harorat ko‘tarilishi bilan havoning ifloslanishi kamayadi.
Shaharda uzoq vaqt davomida yog‘ingarchilik kamligi va katta antropogen yuk tufayli avtomobil yo‘llariga suv sepish va tozalash, qurilish ob’ektlarida changni kamaytirish choralariga, chiqindilarni o‘z vaqtida yig‘ish masalalariga ko‘proq e’tibor qaratish lozim. Toshkent shahrida havo sifatini yaxshilash maqsadida shaharni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish bo‘yicha ko‘proq tadbirlar amalga oshirilishi kerak.
Toshkent shahrida havoning PM2.5/PM10 mayda dispersli zarrachalar bilan ifloslanish darajasi to‘g‘risidagi ma’lumot O‘zgidrometning monitoring.meteo.uz va xalqaro IQAir saytida e’lon qilinadi.