“Butunjahon ozon qatlamini muhofaza qilish kuni”ga bag‘ishlangan davra suhbati

“Butunjahon ozon qatlamini muhofaza qilish kuni”ga bag‘ishlangan davra suhbati

16.09.2022

“Butunjahon ozon qatlamini muhofaza qilish kuni”ga bag‘ishlangan davra suhbati

Joriy yilning 16 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi, O‘zgidromet va Ekoharakat hamkorligida Butunjahon ozon qatlamini muhofaza qilish kuni munosabati  bilan davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Senat a’zolari, Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi ekspertlar Kengashi a’zolari, O‘zbekiston ekologik harakati mas’ullari, O‘zbekiston gidrometeorologiya markazi mutaxassislari hamda ommaviy-axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir ishtirokchilari ozon qatlamini yemiruvchi moddalar-xlorftoruglerod tutgan birikmalarni haddan tashqari ko‘p ishlatilishi natijasida o‘tgan asrning 80-yillari oxiriga kelib, Ozon qatlamini yemirilishi natijasida “Ozon darchalari” hosil bo‘lib, uning himoya funksiyalari susayganligini qayd etdilar.

Ta’kidlanganidek, 1985 yilda Ozon qatlamini himoya qilish to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi qabul qilinganligi ozon muammosini hal etish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarning aniq mexanizmi bo‘ldi. Mazkur Konvensiya doirasida ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishda xalqaro hamkorlik, ozon qatlamini tizimli monitoring qilish, ozonni yemiruvchi moddalar – xlorftoruglerodli birikmalarning ishlab chiqarilishi monitoringi
va axborot almashinuvi ko‘zlangan. Unda, shuningdek kelgusi yillarga mo‘ljallangan protokollar va tuzatishlar kiritish yo‘llari ham belgilangan.

Ilmiy tadqiqotlar davomida ozonni yemiruvchi eng zararli moddalar hamda kelgusida xalq xo‘jaligida ishlatish uchun yaroqli bo‘lgan moddalar aniqlanib, uning natijalari 1987 yil 16 sentabrda rivojlangan
va rivojlanayotgan davlatlar tomonidan Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokolining qabul qilinishiga osos bo‘ldi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi 1993 yildan buyon Ozon qatlamini muhofaza qilish to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi va Ozon qatlamini buzuvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokoli tomoni hisoblanashi qayd etildi.

Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda Monreal protokoliga kiritilgan beshta tuzatishlardan O‘zbekiston to‘rttasiga (London, 1990 yil), (Kopengagen, 1992 yil), (Monreal, 1997 yil), (Pekin, 1999 yil) qo‘shilganligi va ushbu xalqaro shartnomalar asosida ozon qatlamini yemiruvchi moddalar iste’moli talablarini to‘liq bajarib kelayotganligi aytib o‘tildi.

Bundan tashqari tadbirda O‘zbekiston Vena Konvensiyasi bo‘yicha Monreal protokolining majburiyatlarini bajarish yuzasidan 2005-2019 yillar davrida ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanish miqdorini 884 tonnadan 33 tonnagacha kamaytirilganligi, shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasida Monreal protokolining A, V va Ye ro‘yxatlarida, shuningdek, S ro‘yxati II va III guruhlarida ko‘rsatilgan moddalarni import qilish taqiqlanganligi alohida e’tirof etildi.

O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha Global ekologik jamg‘arma
va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof muhit va Taraqqiyot dasturlari bilan keng hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilganligi, ushbu tashkilotlarning ko‘magida hamda mahalliy tashkilotlar mablag‘lari hisobidan 2000-2018 yillar davomida respublikada 9,9 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan 6 ta yirik loyiha amalga oshirilganligi ta’kidlandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan “Ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha milliy dastur” qabul qilinganligi, dasturga muvofiq 2019-2024 yillarga mo‘ljallangan samarali texnologiyalarni joriy etish orqali ozon qatlamini buzuvchi moddalarni butunlay iste’moldan chiqarish bo‘yicha 8,6 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan loyiha amalga oshirilayotganligi qayd etildi.

Shuningdek, Milliy dasturda ozon qatlamining yemirilishini to‘xtatish orqali atrof muhitning yaxshilanishi, ozonga zarar yetkazmaydigan texnologiyalarga o‘tishning iqtisodiy foydalari hisobga olinganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mazkur Milliy dasturni amalga oshirish natijasida ozonni buzuvchi moddalarni qayta ishlash bo‘yicha 6 ta yangi markaz tashkil qilinadi, mavjud 6 ta markazlar qo‘shimcha asbob-uskunalar bilan ta’minlanadi, sovitish uskunalari ishlab chiqaradigan 100 ta korxona uchun zarur ehtiyot qismlar sotib olinadi, shuningdek, sovitish uskunalarini ishlab chiqarish sohasi uchun mutaxassislarni tayyorlash uchun 3 ta markaz tashkil etiladi.

Tadbirda  so‘zga chiqqanlar ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokoli talablarini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar holati yuzasidan ma’lumot berish bilan birga mazkur Protokol talablarini amalga oshirish mexanizmini va atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalarini muhokama qildilar.

Tadbir yakunida muhokama etilgan masala yuzasidan bildirilgan fikrlar va takliflar asosida tegishli tavsiya qabul qilindi.

фото

122