Namangan viloyati Kosonsoy tumanida 13 iyul kunduzi kuzatilgan gidrometeorologik vaziyat to‘g‘risida ma’lumot
14.07.2021
2021 yil 13 iyul kuni Qirg‘iziston Respublikasining shimoli-g‘arbiy qismi va Qozog‘iston janubidan atmosfera sovuq fronti o‘tdi. Kunning ikkinchi yarmida front o‘tishi ortidan, Farg‘ona vodiysi tog‘ havzalarida kuchli yomg‘irli to‘p-to‘p bulutlar rivojlandi.
Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyati Oqsuv va Olabuqa tumanlarida mahalliy vaqt 12:35 va 13:25 oralig‘ida kuchli jala yomg‘ilar yog‘ib o‘tdi. Kuchli jala yomg‘irlar Jalolobod viloyati Oqsuv tumani va Namangan viloyati Kosonsoy tuumanidan oqib o‘tuvchi Kosonsoy soyida sel oqimini hosil qildi.
Namangan viloyati Kosonsoy tumani ayrim hududlarida qisqa muddatli jala yomg‘irlari va do‘l hodisasi kuzatildi. O‘rtacha hisobda do‘l diametri 1 sm ni tashkil etdi.
Kosonsoy tumani tog‘ oldi hudud hisoblanib, georafik joylashganligiga ko‘ra, sel-toshqinlari hosil bo‘lishiga moyil hudud sanaladi. 2021 yil 13 iyul kuni qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi hududlarida kuzatilgan kuchli jala yomg‘irlar hisobiga shakllangan Kosonsoy soyidagi sel hodisalari oldinlari tumanning boshqa soylarida ham tez-tez takrorlangan.
2021 yil 13 iyul kuni Kosonsoy soyidan maksimal 60 m³/s miqdordagi sel-suv toshqiini o‘tgan. Bu Kosonsoy soyi uchun maksimal miqdor emas. Kosonsoy soyida sel hodisalari 1878 yildan boshlab ro‘yxatga olib kelinadi. Soyda sel hodisalari asosan, aprel-iyul oylarida hosil bo‘ladi. Kosonsoy soyida tez-tez sel hodisalari kuzatilgan bo‘lib, 1964 yil 27-28 iyulda 278 m³/s, 1988 yil 1 mayda 200 m³/s, 1992 yil 25 mayda 250 m³/s miqdorida sel kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi mahalliy aholidan 2021 yil 14-17 iyul kunlari Qirg‘iz Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan hududlardagi dam olish maskanlariga bormaslikni so‘rab qoladi.
2021 yil 14 iyul
O‘zgidromet Axbarot xizmati