Aviatsiyani meteorologik ta’minlash boshqarmasi xodimlarining xalqaro uchrashuvlardagi ishtiroki
05.07.2022
Aviameteorologik xizmatlar sifatini oshirish strategiyasi va vositalarini muvofiqlashtirish maqsadida har yili xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO), jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) va MDH mamlakatlarining aviatsiya meteorologik bo‘linmalari vakillari ishtirokida turli xalqaro uchrashuvlar tashkil etiladi. O‘zgidrometning Aviatsiyani meteorologik ta’minlash boshqarmasi (AMTB) vakillari xalqaro talablarni tezkor amaliyotga samarali tatbiq etish uchun bunday uchrashuvlarda faol ishtirok etmoqda.
2022 yil 29-30 iyun kunlari ICAO Yevropa mintaqasining Sharqiy qismida meteorologik xizmatlarni amalga oshirish bo‘yicha loyiha guruhining va MDH mamlakatlari Gidrometeorologiya bo‘yicha davlatlararo Kengashining (XGK MDH) "Fuqaro aviatsiyasini meteorologik qo‘llab-quvvatlash" (IG-4) ishchi guruhining qo‘shma yig‘ilishi onlayn formatda bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv dasturi doirasida "O‘zbekiston Respublikasida fuqaro aviatsiyasini meteorologik ta’minlashni tashkil etish. Hozirgi holati va istiqbollari" to‘g‘risida taqdimot bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zgidromet mutaxassislari bilan bir qatorda hamkorlarimiz - O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi (O‘zaviatsiya agentligi) mutaxassislari ham ishtirok etdi.
Ushbu tadbir davomida ishtirokchilar hamkasblari bilan tajriba almashdilar va fuqaro aviatsiyasini yuqori sifatli meteorologik axborot bilan ta’minlash sohasidagi ilg‘or texnologiyalar, usul va yondashuvlar haqida ko‘plab foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Ushbu uchrashuvda ishtirok etish juda foydali bo‘lib, kelajakda to‘plangan tajribani O‘zbekiston Respublikasida yuqori darajadagi xalqaro aeronavigatsiya xizmatlarini amalga oshirishda qo‘llash imkonini beradi.