O‘ZBEKISTON BO‘YIChA 1-3 IYULGA OB-HAVO PROGNOZI
01.07.2022
Shanba va yakshanba kunlari issiq bo‘ladi
O‘zbekiston hududi bo‘yichav iyun oyi oxirida kuzatilgan anomal issiq ob-havo davrdan so‘ng, kecha va bugun issiq asta-sekin pasayib bormoqda.
Bugun kunduzi respublika bo‘yicha havo harorati 35-38° atrofida bo‘ladi.
Dam olish kunlari issiq yana ko‘tarila boshlaydi. Yakshanba kuniga kelib, harorat 38-41° gacha ko‘tariladi.
Ushbu kunlarda janubiy hududlarning eng chekka qismida 43-45° gacha bo‘lgan harorat bilan juda issiq ob-havo saqlanib turadi.
Biroq, bu issiq uzoq vaqt davom etmaydi. Keyingi haftaning boshidan esa respublika hududiga Volga bo‘yi hududlaridan salqin havo kirib keladi. Dushanba kunidan harorat asta-sekin pasayishni boshlaydi va haftaning aksariyat qismida 30-35° atrofida, ba’zi joylarda 37-38° gacha bo‘ladi.
Respublika hududining katta qismida bugun va dam olish kunlari asosan kam bulutli ob-havo kuzatiladi, faqat Qoraqalpog‘istonda 3 iyulda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi, ba’zi joylarda chang-to‘zonlari kuzatilishi mumkin. 3 iyulda shimolda va cho‘l hududlarda shamol 23-28 m/s gacha kuchayishi mumkin.
1-3 iyulda Farg‘ona viloyatining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida glyatsial (muz) sel-suv toqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.