Havo harorati qanday o‘lchanadi

Havo harorati qanday o‘lchanadi

28.06.2022

Havo harorati qanday o‘lchanadi

Hozir yozning eng qizg‘in davri, aholi orasida esa yana sinoptiklar haqiqiy harorat qiymatlarini “yashirishmoqda” degan har hil mish-mishlar yuribdi, aslini olganda kunduz kunlari havo harorati 47-50° ga yetishi, ba’zilar esa o‘zlarining maishiy texnika uskunalarida 60° va undan yuqori qiymatlarni ko‘rsatishini misol qilib ko‘rsatmoqdalar. Bunday insonlarni ishontirish juda qiyin bo‘lmoqda.

Shunga qaramay, biz sizga havo harorati qanday o‘lchanishi haqida yana bir bor aytib o‘tmoqchimiz.

Hozirgi kunda aholi havo haroratini aniqlash uchun maishiy termometrlardan keng foydalanmoqda. Ko‘pincha, bu asboblarning qabul qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlaridan yoki atrofdagi jismlarning issiqlik nurlanishidan himoyalanmagan. Bunday holda, termometr havo haroratini emas, balki termometr qabul qiluvchi qismining isish haroratni o‘lchaydi.

Quyosh nurlari ostida bo‘lgan inson, havo haroratini emas, balki tanasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari va atrofdagi jismlardan chiqayotgan  issiqlik nurlanishi bilan isishi haroratini sezadi.

Daraxtlar soyasida va baland binoning beton devori soyasida turgan inson haroratni boshqacha his etadi, chunki devorning issiqlik nurlanishi ostida bo‘lishi harorat his etish darajasini oshiradi.

Avtomobil ichida bo‘lgan inson avtomobil korpusi quyosh nurlari va qizigan asfaltdan issiqlik nurlanishini his etadi. Shuning uchun avtomobildagi o‘lchash asboblari 60° va undan yuqori haroratni ko‘rsatishi mumkin.

Issiqlik nurlanish omillarining ta’sirini istisno qilish, va butun dunyoda amalga oshirilgan meteorologik o‘lchovlarni bir biriga taqqoslash jarayonini osonlashtirish maqsadida, kuzatuvlar, Jahon meteorologiya tashkiloti qoidalariga muvofiq, bir xil metodologiya va bir xil standart sharoitlarda amalga oshiriladi.

Xususan, harorat o‘lchovlari yer sathidan 2 metr balandlikda o‘rnatilgan maxsus shamollatiladigan ob-havo butkasida amalga oshiriladi. O‘lchov asboblari vaqti-vaqti bilan tekshiriladi, ularning ko‘rsatkichlari standart asboblarning ko‘rsatkichlari bilan taqqoslanadi. Aytgancha, joriy yilda O‘zgidromet stansiyalarida o‘rnatilgan avtomatik stansiyalarning ko‘rsatkichlari "qo‘lda" olib borilgan kuzatuvlar ma’lumotlarini tasdiqlaydi.

Sayyoramizdagi eng yuqori havo harorati (57-58°S) AQSh ning Kaliforniya shtatidagi O‘lim vodiysida va Liviya cho‘lida kuzatilgan.

O‘zbekistonda meteorologik kuzatishlarning barcha yillari uchun eng yuqori harorat (48-49°S) Qizilqum cho‘lida (1983 yil iyul oyida) va Termiz shahri hududida (1941 yil iyun-iyul oylarida) qayd etilgan.

Toshkentda absolyut harorat maksimumi 44,6°C ni tashkil yetadi. Ushbu harorat  1997 yil 18 iyul kuni qayd etilgan.