Toshkent shahrida iyun oyida oʻrtacha oylik yogʻingarchilikning 130% kuzatildi

Toshkent shahrida iyun oyida oʻrtacha oylik yogʻingarchilikning 130% kuzatildi

21.06.2022

Toshkent shahrida iyun oyida oʻrtacha oylik yogʻingarchilikning 130% kuzatildi

Gidrometeorologiya xizmati markazi may oyi so‘ngi kunlarida iyun oyida kutilayotgan ob-havo prognoz ma’lumotlari bilan bo‘lishgan.  Mutaxasislarga ko‘ra, iyun oyida respublikaning katta qismida oylik yog‘ingarchilik miqdori iqlimiy me’yordan kam, faqat markaziy va sharqiy qismlarida iqlmiy me’yor atrofida bo‘lishi prognoz qilingan. Xabarda  iyun oyida jadalligi biroz yuqori bo‘lgan mahalliy xususiyatga ega bulutlardan kuchli yog‘ingarchiliklar kuzatilishi mumkinligi va bu oylik me’yoriy yog‘ingarchilik ko‘rsatgichlarni biroz o‘zgartirishi ta’kidlangan.

Hozirda O‘zgidrometning uzoq muddatli maslahatomus ob-havo prognozlari o‘zini oqlamoqda. Xizmat markazining joylardagi kuzatuv stansiya ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur oy boshidan 21 iyun kuniga qadar Samarqand va Toshkent viloyatlarida yog‘ingarchilik me’yordan ko‘p kuzatildi. Oy boshidan Toshkent shahrida o‘rtacha oylik yog‘ingarchilikning 130 % i kuzatildi. O‘zbekistonning katta qismida esa yog‘ingarchilikning umumiy miqdori o‘rtacha oylik iqlimiy ko‘rsatgichlaridan kam bo‘ldi.

Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan 20-22 iyunda respublika hududi bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi, ayrim joylarda do‘l yog‘ishi mumkinligi haqida shoshilinch axborot xabari berilgan. Xabarda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hamda Farg‘ona vodiy viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida kuchli yomg‘ir yog‘ishi qo‘shimcha qilingandi.

19-20 iyun kunlari respublika hududlariga Qora dengiz va Kavkaz hududlaridan g‘arbiy nam havo massalarining kirib kelishi qayd etildi. Bu jarayon kuchli shamol va ayrim viloyatlarda kuchli yog‘ingarchiliklar bo‘lishiga olib keldi. Kuchli yog‘ingarchiliklar respublikaning janubiy va shimoli-sharqiy hududlarida kuzatildi. Xususan, Toshkent shahrida 20 iyun kunduz kuni vaqti-vaqti bilan kuchli jadal yog‘ingarchilik kuzatildi. Yog‘ingarchilik umumiy miqdori poytaxtda notekis taqsimlandi.

O‘zgidrometning asosiy kuzatuv stansiyasi joylashgan Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi Toshkent-Observatoriya hududida qisqa vaqt oralig‘ida yog‘ib o‘tgan umumiy yog‘ingarchilik miqdori 15 mm (o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik miqdoriga teng ko‘rsatgich) bo‘lgan bo‘lsa, poytaxtning boshqa bir qismi xalqaro aeroport hududidagi kuzatuv stansiyasida bu ko‘rsatgich 21 mmni tashkil etdi. Yog‘ingarchiliklar asosan yomg‘ir ko‘rinishida yog‘ib o‘tdi.

Sutkaning 12 soat ichida 15 mm va undan ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilishi bu xavfli meteorologik hodisa hisoblanadi. Ayniqsa, yoz oylarida bu kabi yog‘ingarchilik odatda intensiv (jadal) ko‘rinishda yog‘ishi hisobiga, yo‘lsozlik va qurilish ob’ektlarida noto‘g‘ri yondashuv asosida barpo etilgan ob’ektlar (latok, suv o‘tkazi inshootlari, drenaj, kuchli yog‘ingarchilikka bardoshli tom yorilmalari) sel-suv bosish hodislarini keltirib chiqarishi mumkin.

Yoz oylarida poytaxtda 12 soat ichida 15 mm dan ko‘p yog‘ingarchiliklar kuzatilishi juda kamdan kam holatlarda ro‘y beradi. Toshkent shahrida oxirgi o‘n yillikda yozning dastlabki iyun oyida birgina holatda sutka davomida 15 mm dan ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilgan. 2019 yilning iyun oyi boshlarida (3 va 6 iyun) Toshkentda ikki kun ichida umumiy 56 mm yog‘ingarchilik qayd etildi. Yog‘ingarchiliklar do‘l va kuchli jadal yomg‘ir ko‘rinishida yog‘ib o‘tdi.