Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni

Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni

17.06.2022

Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni

Jiddiy qurg‘oqchilik, cho‘llanishni boshidan kechirayotgan mamlakatlarda BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasini amalga oshirish maqsadida, shuningdek, jamoatchilikning cho‘llanish va qurg‘oqchilik muammosi to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishga ko‘maklashish uchun BMT Bosh Assambleyasi  1994 yil 17 iyunni Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni deb e’lon qildi. Bu kun  cho‘llanish muammolari samarali hal etilishi mumkinligi, va bu maqsadga erishishda jamoatchilikning keng ishtiroki va barcha miqyosdagi hamkorlik muhim vosita hisoblanishini eslatib turadi.

BMT Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash konvensiyasi (BMT ChQK) talablari O‘zbekiston uchun mamlakatning tabiiy-iqlimiy sharoitlaridan, uning Markaziy Osiyo mintaqasidagi geosiyosiy o‘rnidan,  va global ta’sirga ega  ekologik muammolarni hal etish muhimligidan kelib chiqib juda dolzarbdir.

Tez-tez takrorlanayotgan qurg‘oqchilik tabiiy ekotizimlarning tanazzulga uchrashi va unumdorligining yo‘qolishi tufayli yuzaga kelayotgan zamonaviy ekologik muammolar qishloqlar aholisining yashash sharoitlariga, ekologik va oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solmoqda va mamlakatda bu muammoni kompleks hal etish uchun siyosiy irodani kuchaytirmoqda.

Iqlimning salbiy ta’sirini kamaytirish uchun unga moslashish choralarini ko‘rish kerak. To‘g‘ri harakatlar bilan “iqlim o‘zgarishi-cho‘llanish” jarayonini ijobiy “mahsuldor yerlar-parnik gazlari chiqarilishini kamaytirish”ga aylantirish mumkin.

Bu yilgi Jahon qurg‘oqchilikka qarshi kurash kunining shiori «Qurg‘oqchilikni birgalikda yengamiz» deb nomlanishi bejiz emas. Yer va tuproq moslashishda muhim rol o‘ynaydi. Yer resurslarini barqaror boshqarish yo‘li bilan bioxilmaxillikni saqlash, ekotizim xizmatlarini ko‘tarish iqlimning noqulay oqibatlariga moslashishda yaxshi namuna bo‘lishi mumkin. Sog‘lom tuproq nafaqat oziq-ovqat mahsulotlarini barqaror ishlab chiqarishni ta’minlaydi, balki iqlimga bardoshlilikni kuchaytiradi.