“O‘zgidromet”da AQSh Geologiya xizmati bilan hamkorlik masalalari muhokamasi bo‘lib o‘tdi
06.06.2022
2022-yil 6-iyun kuni “O‘zgidromet”da AQSh Geologiya xizmati (USGS) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zgidromet va USGS o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
“O‘zgidromet” bosh direktorining o‘rinbosari F.Safarov kuzatuv tarmog‘ini modernizatsiya qilish, texnologik, kadrlar va ilmiy salohiyatni mustahkamlash borasida davlat va xalqaro tashkilotlar ko‘magida “O‘zgidromet” tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston uchun suv resurslarini boshqarish masalalari juda dolzarbdir, chunki iqlim o‘zgarishi sharoitida qurg‘oqchilik, sel va suv toshqinlari, qor ko‘chkilari kabi xavfli gidrometeorologik hodisalarning intensivligi, ayniqsa, tog‘li hududlarda rivojlanayotgan turistik hududlarda kuchaymoqda.
2021-yil dekabr oyidan boshlab O‘zgidromet va AQShning qo‘shma dasturini amalga oshirishda daryolar havzasi uchun suv oqimi va xavfli gidrometeorologik hodisalarni gidrologik modellashtirish uchun geoaxborot bazasini ishlab chiqish boshlandi. Tajriba tadqiqot ob’ekti sifatida Qashqadaryo havzasi tanlandi.
USGSning Yevropa, Rossiya, Markaziy Osiyo va Arktika bo‘yicha katta ilmiy maslahatchisi doktor Ingrid Verstraten O‘zgidromet bilan kelgusida hamkorlik qilish, shuningdek, O‘zbekistonda suv tadqiqi sohasida idoralararo hamkorlikka umid bildirdi.
Joriy yilning 17-29 iyun kunlari USGSning gidrologik modellashtirish, masofadan zondlash, GIS texnologiyalari va gidrologik monitoring tizimlari yordamida qor qoplamini monitoring qilish bo‘yicha mutaxassislari mazkur tashabbus doirasidagi qo‘shma harakatlarni muhokama qilish uchun O‘zgidrometga tashrif buyurishadi.