Qizilqum sahrosiga ilmiy ekspeditsiya
22.04.2022
Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti yosh olimi Nigora Sulaymonova joriy yil aprel oyining ikkinchi o‘n kunligida Qizilqum cho‘l va yarim cho‘l yaylovlarida joylashgan O‘zgidromet tashkiliy tuzilmasidagi Navoiy viloyati gidrometeorologiya boshqarmasiga qarashli meteorologik va agrometeorologik kuzatuvlar olib boruvchi Moshiquduq, Tomdi, Oqbaytal, Buzaubay, Sentob Nurota meteostansiyalari faoliyati bilan tanishish maqsadida ilmiy-dala safarida bo‘lib qaytdi. Ekspeditsiya kuzatuvlaridan ma’lum bo‘lishicha, joriy yilda o‘tgan yillarga nisbatan yaylov o‘simliklari o‘sishi uchun qulay ob-havo sharoitli vegetatsiya mavsumi bo‘ldi. So‘nggi o‘n yilliklarda tuproq namligi bo‘yicha kuzatuvlar olis cho‘l stansiyalarida o‘tkazilmaganligi, bu o‘lchov ishlarining mashaqqatliligi, termostatlar uchun doimiy elektr energiyasining yetishmasligi va ularning ishdan chiqishi bilan izohlanadi. Bu esa agrometeorologik tadqiqotlar o‘tkazishni ma’lum ma’noda cheklaydi. Shuningdek, ilmiy sayohat davomida antropogen omillar hamda iqlim o‘zgarishi natijasida paydo bo‘lgan o‘simlik degradatsiyasiga uchragan katta maydonlar, sho‘rlangan va cho‘llangan gektarlab taqir hududlar ham aniqlandi.