FMI va O‘zgidromet o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik
09.02.2022
Finlyandiya tashqi ishlar vazirligi Finlyandiya meteorologiya instituti (FMI) tomonidan amalga oshiriladigan va O‘zgidromet bilan hamkorlikni kengaytirish va uning salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan loyihani amalga oshirish uchun 2 mln yevro miqdorida grant ajratilishi haqida Dunyo axborot agentligi xabar bergan edi.
Hozirgi vaqtda FMI va Finlyandiya tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida 2022 yilning 2-choragiga rejalashtirilgan loyihaning boshlanishi uchun shartnoma imzolanishi kutilmoqda.
Yangi loyiha, ayniqsa, aholini oldindan ogohlantirish, tabiiy ofatlarga qarshi kurash strategiyasini qo‘llab-quvvatlash va qishloq xo‘jaligi, transport suv resurslarini boshqarish va gidroenergetika kabi sohalarda iqtisodiy faoliyatni optimallashtirish maqsadida gidrometeorologik va iqlimiy axborotlarga ehtiyoj tobora ortib borayotganini hisobga olib, O‘zbekistonda gidrometeorologik va iqlimiy xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Loyiha bir necha yil oldin boshlangan FMI va O‘zgidromet o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikning davomi bo‘ladi.
Ushbu loyihaning kutilayotgan natijasi O‘zgidrometning iqlim xizmatlari sifatini yaxshilash uchun zamonaviy vositalar, usullar va yondashuvlardan foydalangan holda meteorologik va oldindan ogohlantirish xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatlarini oshirishdan iborat.
O‘zgidromet Axborot xizmati