Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar
05.02.2022
Joriy yilning 4-fevral kuni O‘zgidromet tadbirlar zalida “Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti Yer usti suvlari sifati tadqiqoti laboratoriya mudiri, texnika fanlari nomzodi Baxriddin Erkinovich Nishonov O‘zbekistonda atmosfera havosini mayda zarrachalar (RM10, RM2,5) ifloslanishi monitoringi bo‘yicha taqdimot qildi. Taqdimotda atmosfera havosi sifatini kompleks baholash usulini xalqaro (JMT, JSST) talablar hamda rivojlangan mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqish va qo‘llash maqsad qilib olindi. Olingan natijalarni atmosfera havosi sifatini kompleks baholash usuli va atmosfera havosi sifatini baholash bo‘yicha mobil ilovani qo‘llash O‘zgidromet, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ekologiya va atrof muhit muhofazasi davlat qo‘mitasida sinovdan o‘tkaziladi va amaliyotga joriy etiladi. Yaratilgan mobil ilova keng jamoatchilikka taqdim etiladi.
Anjuman davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun sonli ob-havo prognozlari mintaqa uchun ishlab chiqilgan COSMO-SA modeli orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, model bo‘yicha hisoblash ishlari 40 TFlopsli superkompyuterda bajarilishi to‘g‘risida ma’lumotlarni Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti tayanch doktoranti Erkin Ikromovich Abdulaxatov taqdim qildi.
Loyihani amalga oshirishda mamlakatning tabiiy-geografik sharoitlari inobatga olingan bo‘lib, hududlarda rivojlanuvchi xavfli gidrometorologik jarayonlarni yuqori aniqlikda prognozlash, manfaatdor vazirliklar, birinchi navbatda, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Transport vazirligi, boshqa tashkilotlar va aholini kutilayotgan xavfli gidrometeorologik hodisalar to‘g‘risida erta ogohlantirishga xizmat qiladi. Natijada aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ko‘rishi mumkin bo‘lgan zarar ko‘lamini sezilarli qisqartirish imkoniyatlari yaratiladi.
Loyihani amalga oshirish yakunida O‘zbekiston hududida rivojlanishi mumkin bo‘lgan xavfli gidrometeorologik hodisalar (kuchli shamol, jala yomg‘irlari, sel toshqinlari) monitoring tizimi va uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston sharoitida bu turdagi ilmiy-tadqiqot ilk bor amalga oshiriladi.
Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti yosh olimi Akmal Akromovich Gafurov "O‘zbekistonda atmoferaga faol ta’sir etish orqali yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi" mavzusida o‘z taqdimotini keng jamoatchilikka taqdim etdi.
Taqdimotda atmosferaga faol ta’sir etish yo‘li bilan yog‘in va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik miqdorini oshirish, do‘lni bostirish, ob-havoni o‘zgartirish amalda ham mumkinligi ta’kidlab o‘tildi. Sun’iy yomg‘irlarni yog‘dirish ishlari bo‘yicha tadqiqotlar O‘zbekistonda muqaddam amalga oshirilgan. Masalan, o‘tgan asrning 90 yillarida Toshkent, Farg‘ona vodiysi shimoli va Qashqadaryo tog‘ va tog‘ oldi hududlarida o‘tkazilgan tajribalarda ta’sir zonalarida atrofga nisbatan 15% ga ko‘p yog‘in bergani ilmiy isbotlangan. Bu tajribalarning barchasi kelayotgan nam havo oqimlariga ta’sir etish va undan ko‘proq yog‘in yog‘dirish evaziga amalga oshirilgan.