“Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni ishlab chiqildi

“Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni ishlab chiqildi

02.02.2022

“Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni ishlab chiqildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 17 noyabrdagi PQ–4896-son qarori 13-bandiga muvofiq O‘zgidromet tomonidan “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.

Qonun loyihasini qabul qilish zarurati

Ma’lumki, davlat boshqaruvi organlari, qurolli kuchlar, iqtisodiyotning ob-havoga bog‘liq tarmoqlari (agrar, suv xo‘jaligi, transport, energetika va boshqalar) va aholiga o‘z vaqtida hamda ishonchli gidrometeorologik ma’lumotlar, shuningdek, xavfli gidrometeorologik hodisalar, atrof tabiiy muhit ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi va uning iqtisodiyot va aholiga ta’siri to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etishga yo‘naltirilgan gidrometeorologiya faoliyatining kompleksliligi uni tashkil etishda asosiy vazifalarni aniq belgilanishini talab qiladi.

Zamonaviy huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda gidrometeorologik kuzatuvlar hamda atrof tabiiy muhit holati monitoringini o‘tkazish, kuzatuv natijalari bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plash, ularga ishlov berish va tarqatishda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik asosining yetarli emasligi natijasida ushbu qonun loyihasini ishlab chiqish zaruriyati paydo bo‘ldi.

Qabul qilingan gidrometeorologiya va unga yaqin bo‘lgan sohalardagi faoliyatning huquqiy asoslarini belgilaydi, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning gidrometeorologik ma’lumotlarga, shuningdek, atrof tabiiy muhit holati va uning ifloslanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga bo‘lgan talabini ta’minlashga qaratiladi.

Qonun loyihasining mazmuni

O‘zbekiston Respublikasi “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni 5 bob va 30 moddadan iborat.

Qonunning 1-bobi “Umumiy qoidalar” bo‘lib, 1-10-moddalarni, 2-bobi “Gidrometeorologiya faoliyati sohasini tartibga solish” bo‘lib, 11-16-moddalarni, 3-bobi “Gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar hamda undan foydalanuvchilar, ularning huquq va majburiyatlari” bo‘lib, 17-19-moddalarni, 4-bobi “Gidrometeorologiya faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibi” bo‘lib, 20-23-moddalarni, 5-bobi “Yakunlovchi qoidalar” bo‘lib, 24-30 moddalarni o‘z ichiga oladi.

Qonun bilan quyidagilar tartibga solinadi:

gidrometeorologiya xizmatini yagona tashkiliy-texnik tizim sifatida faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi;

gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshirish tartibi, shu jumladan, gidrometeorologiya faoliyati ob’ektlari va sub’ektlari, ularning huquq va majburiyatlari;

gidrometeorologiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish, davlat organlari, iqtisodiyot tarmoqlari, fuqarolarni gidrometeorologik, va atrof tabiiy muhit ifloslanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan ta’minlash hamda ushbu faoliyatni moliyalashtirish.

Xalqaro tajribadan foydalanish

Qonunni ishlab chiqishda Yaponiya, Koreya, Xitoy, Rossiya, Belarus, Armaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Moldova kabi mamlakatlarning qonunchilik tajribalari o‘rganib chiqildi.

Qonun qabul qilinishidan avval uning loyihasini muhokama qilish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 apreldagi PQ–3666-son hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 martdagi 242-son qarori talablariga asosan mazkur qonun loyiha O‘zbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida (https://regulation.gov.uz, ID-27777) keng jamoatchilik ommasi o‘rtasida  muhokama qilindi. Muxokama jarayonida 174 nafar respondentlar ishtirok etdi, ular tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar loyihada inobatga olinadi. Shuningdek, qonun loyihasi 18 ta vazirliklar va idoralar, shu jumladan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishildi.

 

O‘zgidromet Axborot xizmati