Haroratning pasayishi kutilmoqda
13.12.2021
Kecha shimoliy hududlarga, bugun O‘zbekiston hududining katta qismiga Volga bo‘yi hududlaridan nam va sovuq havo kirib keldi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda qorga aylanishi mumkin. Tog‘li hududlarda kuchli bo‘lishi mumkin. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Kunduz kungi havo harorati 7-9 daraja iliq, shimolda 2 daraja sovuq-3 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
14 dekabrda siklon ta’siri saqlanib turadi, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kechasi va ertalab, respublikaning qolgan hududlarida kun davomida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Respublikaning shimolida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi 1-3 daraja sovuqqacha, kunduzi 3-5 daraja iliqgacha, respublikaning shimolida 7-12 daraja sovuqgacha, kunduzi 1-6 daraja sovuqgacha pasayadi, o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 4-6 darajaga past bo‘ladi.
15 dekabrda respublika bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo kutilmoqda, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida biroz qor yog‘ishi mumkin. Antisiklonning sovuq periferiyasi ta’siri hisobiga kechasi havo harorati 4-6 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduzi 3-5 daraja iliq atrofida saqlanib turadi.
16-17 dekabr kunlarida antisiklon ta’siri asta-sekin zaiflashadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechalari 0-3 daraja sovuqni tashkil etadi, kunduz kunlari 7-10 daraja iliqqacha asta-sekin ko‘tariladi.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.