Joriy yilning 24-noyabr kuni AOKA binosida COP26 yakuni bo‘yicha O‘zgidromet matbuot anjumani o‘tkazildi
25.11.2021
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasini BMTning
iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi 26- yig‘ilishi
yakuni bo‘yicha matbuot anjumani
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi 3-12 noyabr kunlari Shotlandiyaning Glazgo shahrida BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasining 26-yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tadbirlarda 200 ta davlatdan 25 mingdan ortiq vakillar, jumladan, 120 nafar davlat rahbarlari qatnashdilar.
Konferensiyaning asosiy maqsadi Parij bitimi doirasida amalga oshirilgan ishlarni oraliq sarhisobi bo‘yicha hisobot hamda Konvensiyaga a’zo davlatlarning issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha yangi majburiyatlarni kelishish muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: Parij bitimining 4-moddasi 9-bandiga muvofiq, Tomonlar Konferensiyasi qaroriga muvofiq davlatlar har besh yilda bir marotaba milliy miqyosda belgilangan badal to‘g‘risida xabar beradi va inventarizatsiya axborot asosi sifatida global kelishuv natijalaridan foydalanadi.
Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi tomonidan mintaqadagi davlatlar vakolatli organlari bilan hamkorlikda mazkur konferensiya doirasida ilk marotaba pavilon tashkil etildi. Ushbu pavilonda Markaziy Osiyo davlatlarining vakolatli organlari tomonidan sayt-iventlar, turli tadbirlar o‘tkazilib, ushbu tadbirlarda dunyoning yetakchi olimlari, siyosatchilar, xalkaro moliya instituti vakillari ishtirok etdi.
Pavilonda 10 kun davomida 23 ta tadbirlar tashkil etildi, shundan iqlim o‘zgarishi va gidrometeorologiya sohasidagi ilmiy salohiyatlarga bag‘ishlangan 5 ta tadbir O‘zgidromet tomonidan muvaffaqiyatli tashkil etildi. Jumladan,
O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha bo‘lgan iqlim o‘zgarishi bo‘yicha strategiya;
Respublikaning yangilangan milliy hissasi;
iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, milliy sektoral moslashish rejasini tayyorlash bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasining eng zaif aholi qatlamlari uchun iqlim o‘zgarishiga moslashishi, O‘zbekistonning turizm salohiyati bo‘yicha videofilmlar namoyish etildi.
Tadbirlar doirasida Markaziy Osiyoda qayta tiklanadigan energiya manbalarini, energiyani tejash, iqlimiy bilimlar va ma’lumotlarni iqlim bo‘yicha harakatlarni amalga oshirish vositalari sifatida ilgari surish, mintaqaviy hamkorlik istiqbollari, mintaqada iqlim o‘zgarishiga moslashish amaliyotini joriy etish va amalga oshirish bo‘yicha tajriba almashish bo‘yicha sayi-harakatlar muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: tadbirlarda Buyuk Britaniyaning COR-26 bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasi, Yevropa, Turkiya va Eron bo‘yicha elchisi janob Devid Moran, Qozog‘istondan Ekologik tashkilotlar assotsiatsiyasi Prezidiumi raisi Aliya Nazarbaeva, Ukraina, Koreya, Italiya, Xitoy, Rossiya, Keniya va boshqa mamlakatlar delegatsiyalari ishtirok etdilar.
Konferensiya yakuni bilan Glazgo iqlim pakti (Glasgow Climate Past) qabul qilindi. Shuningdek:
XXI-asr oxiriga qadar global harorat ko‘tarilishini selsiy bo‘yicha 1,5 darajada ushlab turish (global isishni 1,5 darajadan oshirmaslik nazarda tutilyapti);
atrof-muhit uchun eng zararli qazilma yoqilg‘i sifatida ishlatiladigan ko‘mirdan foydalanishni bosqichma-bosqich kamaytirish;
mamlakatlar tomonidan muntazam ravishda olib borilayotgan ishlarni tahlil qilish (2022 yil oxirigacha milliy iqlim maqsadlarini tuzatish);
rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun moliyaviy yordamni amalga oshirish;
Shuningdek, konferensiya davomida alohida davlatlar o‘zaro kelishuvlarga erishdilar, jumladan 2030 yilgacha o‘rmonlar va boshqa qimmatli ekotizimlarni yo‘q qilishni to‘xtatishga 130 dan ortiq davlat qaror qilgan bo‘lsa, aksariyat davlatlar (Xitoy, Rossiya, AQSh, Hindiston
va Avstraliyadan tashqari) ko‘mirdan foydalanishdan bosqichma-bosqich voz kechishga kelishib oldilar.
Issiqxona gazlari chiqarish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda bo‘lgan metan chiqindilarini 2030 yilgacha 30 foizga kamaytirish bo‘yicha 100 dan ortiq davlatlar kelishuv imzoladilar (Xitoy, Hindiston, Rossiya qo‘shilmadi);
2040 yilgacha avtomobil transportini dekarbonizatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma 30 dan ortiq davlat va 11 ta ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan imzolangan bo‘lsa, aviatsiya sanoati 2050 yilgacha dekarbonizatsiyaga erishishni mo‘ljallamoqda.
500 ga yaqin global moliyaviy kompaniyalar Parij kelishuvida belgilangan maqsadlar, ya’ni global isishni selsiy bo‘yicha
1,5 darajagacha cheklash uchun 130 trillion AQSh dollari (jahon moliyaviy aktivlarining qariyb 40%) miqdorida mablag‘ sarflashga kelishishdi.
Ma’lumot uchun: BMT Bosh kotibi A.Guterrishning bayonotiga ko‘ra, so‘nggi sammit yakuniy hujjati zamonaviy dunyodagi manfaatlar, qarama-qarshiliklar
va siyosiy iroda holatini aks ettiradi. Mutaxassislar bu fikrga qo‘shilar ekan, forumda eng yomonlar orasida eng yaxshi natijaga erishilganini ta’kidlamoqda.