Gidrometeorologik faoliyatigsha doir qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi
19.11.2021
Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan atrof tabiiy muhit ifloslanishining monitoringi, gidrometeorologik axborot, gidrometeorologik jarayonlar, gidrometeorologik jarayonlarga faol ta’sir ko‘rsatish, gidrometeorologik hodisalar, gidrometeorologiya faoliyati, ixtisoslashtirilgan gidrometeorologik axborot, muhofaza zonasi, tezkor gidrometeorologik axborot, umumiy gidrometeorologik axborot kabi asosiy tushunchalar belgilanmoqda. Shuningdek gidrometeorologiya faoliyatining asosiy prinsiplari, ob’ektlari, sub’ektlari, ixtisoslashtirilgan tashkilotlar to‘liq ko‘rsatilgan.
Qonunga muvofiq rasmiy ogohlantirishlar, prognozlar va aholining turmush faoliyati xavfsizligini ta’minlash, ehtimoliy zararning oldini olish bilan bog‘liq boshqa gidrometeorologik axborot undan foydalanuvchilarga faqat maxsus vakolatli davlat organi tomonidan taqdim etiladi.
Shuningdek, hujjatda gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar hamda undan foydalanuvchilar huquq va majburiyatlari, gidrometeorologiya faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibi, uni moliyalashtirish, sohadagi xalqaro hamkorlik, qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik va boshqa bir qator normalar ko‘zda tutilgan.
Qonunni qabul qilish gidrometeorologiya faoliyati hamda gidrometeorologik kuzatuvlar o‘tkazish va ma’lumotlarga ishlov berishning ilmiy uslublarini yanada takomillashtirish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar, aholini gidrometeorologik ma’lumotlar bilan ta’minlash tizimini rivojlantirish, gidrometeorologiya sohasidagi mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.