Dekabr oyida bizni qanday ob-havo kutmoqda?

Dekabr oyida bizni qanday ob-havo kutmoqda?

29.11.2023

Yakunlanayotgan yilning so‘nggi oyi.

 

         Dekabr - qish faslining birinchi oyi, u odatda sovuq va qorli ob-havo bilan bogliq.

         Biroq, O‘zbekistonda dekabr oyi har doim ham bunday emas.

So‘nggi 50 yildagi eng sovuq yil 1984 yil dekabr oyi bo‘lgan. Kechasi havo harorati sovuqning eng yuqori cho‘qqisida 18-23 darajagacha, ba’zi joylarda
25-27 darajagacha pasaygan.

O‘tgan 2022 yilning dekabr oyi  birinchi kunlaridanoq qor yog‘ishi va havo haroratining keskin pasayishi bilan o‘zining qishki xarakterini ko‘rsatdi. Juda sovuq havo deyarli oyning o‘rtalariga qadar davom etdi. Kechasi bu davrda havo harorati ko‘pchilik hududlarda 10-15 darajagacha, shimoliy va cho‘l hududlarda 19-24 darajagacha pasaydi. Faqatgina respublika janubida va Farg‘ona vodiysida havo unchalik sovuq bo‘lmagan, minimal harorat 1-6 daraja sovuq atrofida bo‘lgan.

2021 yil dekabr oyi so‘nggi 50 yildagi eng issiq bo‘lgan. Respublika bo‘yicha o‘rtacha oylik havo harorati me’yordan 2-4 daraja yuqori bo‘lgan. Eng issiq kunlarda havo harorati kunduzi 20-25 darajagacha, janubda
26-28 darajagacha ko‘tarilgan.

2021 yil dekabr oyida respublikaning ayrim hududlarida havoning maksimal harorati butun meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichlarni taqdim etgan.

 

 

Toshkentda dekabr oyi uchun mutlaq maksimal havo harorati 1915 yilda kuzatilgan, u 27,3 daraja issiqni tashkil etgan. Dekabr oyi uchun mutlaq minimal havo harorati, yani  29,5 daraja sovuq 1930 yilda qayd etilgan.

Dekabr oyida respublika tekislik hududlarida yog‘ingarchilik ko‘pincha aralash shaklda tushadi (yomg‘ir qorga aylanadi), tog‘larda esa qor qoplamining faol shakllanishi kuzatiladi.

O‘tgan yili qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik respublikaning markaziy tumanlari tekisliklari bo‘ylab qor qoplamining shakllanishiga olib kelgan
va bu qariyb 10 kun davom etgan. Maksimal qor balandligi 7-12 sm, ba’zi joylarda
13-17 sm gacha bo‘lgan.Tog‘li hududlarda qor qoplamining balandligi 40-90 sm ga yetgan.

Bu yil dekabr oyi qanday bo‘ladi? Haqiqatan ham qishki ob-havo kuzatiladimi? Yoki O‘zbekistonda tez-tez kuzatilganidek, dekabr oyida issiq davrlar ob-havosi hukmronlik qiladimi?

Dekabr oyi uchun ob-havo sharoitlarining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, dekabr oyi sovuq bo‘lmaydi. O‘rtacha oylik harorat me’yordan yuqori, ba’zi hududlarda me’yor atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Shuningdek, havo harorati kechasi 1-6 daraja sovuqqacha, shimolda
8-13 daraja sovuqqacha pasayishi holatlari kuzatiladi. Dekabr oyi uchun bu normal holat, chunki bu qish oyi.

Eng issiq kunlarda havo harorati 15-18 darajagacha, janubda
20-22 darajagacha ko‘tariladi.

Dekabr oyi qish uchun xos bo‘lmagan iliq ob-havo bilan boshlanadi. Dekabr oyining birinchi haftasida O‘zbekiston bo‘ylab havoning yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi, havo harorati kechasi 2-7, kunduzi 13-18 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda. Dekabr oyining bunday quruq va iliq boshlanishi O‘zbekistonda juda kam uchraydi.

Keyinchalik, dekabr oyining oxirigacha, O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, havo harorati kechasi 5-8 daraja iliqdan 3-6 daraja sovuqqgacha, kunduzi
15-18 daraja iliqdan 2-5 darajagacha iliq bo‘lishi kutilmoqda.       

Oy davomida vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchiliklar kuzatiladi.