Respublikamiz hududlarida, jumladan Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishi monitoring natijalari holati

Respublikamiz hududlarida, jumladan Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishi monitoring natijalari holati

07.06.2022

Respublikamiz hududlarida, jumladan Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishi monitoring natijalari holati

Atmosfera havosi ifloslanishi haqida so‘z yuritishdan avval meteorologik hodisalar haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsak. Ya’ni havoning ifloslanishi bevosita harorat, yog‘ingarchilik, shamol yo‘nalishi kabi omillarga uzviy bog‘liqdir.

Barchangizga ma’lumki o‘tgan asrning II-yarmidan boshlab sayyoramizda global isish tendensiyasi kuzatilib, ushbu holat O‘zbekiston hududida ham yildan yilga oshib bormoqda. Iqlim o‘zgarishlari – hayotimiz sifatiga bevosita ta’sir qilayotgan zamonaning asosiy muammolaridan biriga aylandi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra so‘nggi 20 yilda tabiiy ofatlar natijasida 1,2 mln. kishi hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, iqtisodiyotga yetkazilgan zarar 3 trln. dollarni tashkil etgan bo‘lsa, tabiiy ofatlar 5 baravarga ortib, 11 mingdan ortiq yirik tabiiy ofatlar yuz bergan.

Ma’lumot uchun: Kelgusi 30 yilda iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlarini bartaraf etishga jahonda 8 trln. dollar sarflanishi va 2050 yilgacha dunyo Yalpi ichki mahsuloti 3 foizga kamayishi prognoz qilinmoqda.

Meteorologik kuzatuv natijalari respublikamiz hududida chang bo‘ronlari davriyligi va ularning ortib borishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, suv resurslarining qisqarishi kabi salbiy ko‘rinishlarni qayd etmoqda.

Masalan kuzatuvlar so‘nggi 7 yil eng issiq yil bo‘lganini shundan, 2016 (+1,70S) va 2021 (+1,90S) yillarda maksimal harorat qayd etilgan.

Kech bahorda va yoz oylarida anomal issiq davrlarning takroriyligi va jadalligi ortib bormoqda. Orol bo‘yi hududlari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Buxoro viloyatlari ushbu hodisaga ko‘proq moyildir. So‘nggi 5 yil ichida ushbu hududda deyarli har yili maksimal havo harorati rekordlari yangilandi. Ushbu hududlarda havo harorati 40° va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni ortib, g‘ayritabiiy issiq kunlar soni 25 dan 40 kungacha (me’yor 15-30 kun) yetdi.

O‘tgan 2021 yilda yog‘ingarchilikning kam yog‘ishi, haroratning yuqori bo‘lishi natijasida qurg‘oqchilik xavfi oshdi. 2021-yil boshida tog‘larda kam shakllangan qor qoplami yil davomida suv yetishmovchiligini kuchaytirdi. Natijada, Markaziy Osiyo mamlakatlarida cho‘llashish va yaylovlarning qisqarishi kuzatildi.

Yaylovlarning qisqarishi, yashillilik, o‘simlik qoplamini kamaytirdi. Davomli issiq haroratlar va uzoq muddat kuzatilmagan yog‘ingarchiliklar cho‘l va chala cho‘l, hatto ayrim adir mintaqalarida ham tuproq qatlami namligi va uning mustahkamligini kamaytirdi.

Natijada, mintaqaning deyarli barcha hududlari shamol omillar tufayli, chang va qum zarrachalari havoga ko‘tarilishi, chang bo‘ron va chang-g‘ubor hodisalari tez-tez takrorlanadigan hududga aylandi.

Respublikada gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan 25ta shaharda joylashgan  65ta  statsionar kuzatuv postlarida havodagi iflos moddalar miqdori bo‘yicha kuzatuv ishlari doimiy amalga oshirilmoqda.

Xavo sifatini monitoring qilish 5 ta asosiy ifloslantiruvchi moddalarni o‘z ichiga oladi – chang, oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi, azot dioksidi va ammiak, shu bilan birga sanoat korxonalaridan tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar – ammiak, fenol, ozon, xlor, qattiq ftoridlar, vodorod ftoriti, og‘ir metallar korxonalarga tutash bo‘lgan hududlar atrofida kuzatib boriladi.

Atmosfera havosining ifloslanish darajasi ko‘rsatgichi atmosfera ifloslanish indeksi bo‘lib, u ma’lum bir hududni ifloslantiruvchi 5 ta ustuvor moddalar bo‘yicha hisoblanadi. Atmosfera ifloslanish indeksi 5 gacha bo‘lsa, havoning ifloslanish darajasi “past”, 5 – 7 gacha bo‘lsa, “o‘rtacha”, 7 -14 gachakuchli” va 14 dan yuqori bo‘lsa “o‘ta kuchli” daraja hisoblanadi.

Oxirigi 10 yilda olib borilgan monitoring taxlili natijalari quyidagilarni ko‘rsatmoqda:

Atmosfera xavosining – chang bilan ifloslanishi ko‘rsatkichi Nukus (2,0-3,3 marta), Buxoro (1,3-2,7 marta) shaharlari uchun xususiyatli bo‘lsa, oxirgi yillarda Toshkent (2,5 REM), Farg‘ona (1,3 REM), Samarqand (1,3 REM), Guliston (1,3REM), Angren, Andijon, Namangan shaharlarida (1.3 REM) qayd etilgan. Shahar havosida chang miqdorining bunday oshishi iqlim xususiyatlari va tuproq tuzilmasi, qurilish va yo‘l qurilishi ishlarida sanitar me’yorlariga yetkarlicha rioya qilmaslik bilan izohlanadi.

Shu bilan birga Bekobod, Marg‘ilon, Navoiy, Namangan, Toshkent va Farg‘ona shaharlarida azot oksidi bilan ifloslanish 1.3 REM dan kuzatilmoqda.

Angren, Olmaliq va Farg‘ona shaharlarida oltingugurt oksidi bilan 1.1-1.2 ga, Olmaliq, Andijon, Qo‘qon, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona va Chirchiq shaqarlarida amiak-1.3-2.3 gacha atmosfera havosini ifloslanishi REM dan ortmoqda.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki kuzatuv olib borilayotgan shaharlarda “o‘rta” va “past” darajada atmosfera xavosini ifloslanishi kuzatilmoqda.

So‘nggi uch yil davomida respublika bo‘yicha atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalarning yillik o‘rtacha miqdori  2,427 mln.tonnani, jumladan, Toshkent shahrida 325,46 ming tonnani tashkil etgan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, poytaxtda 2018-2020 yillar davomida transport vositalaridan ajratilayotgan moddalar 14 foizga, turg‘un manbalardan chiqarilayotgan moddalar 62 foizga o‘sgan.

Xususan, 2020 yilda atmosfera havosiga ajratilgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori 2018 yilga nisbatan 17 foizga ko‘paygan yoki 316,0 ming tonnani tashkil etgan. Jumladan, transport vositalari tomonidan ajratilgan moddalar 290 ming tonnaga (14 foizga o‘sgan), turg‘un manbalardan 26 ming tonnaga (62 foizga) yetgan.

Ma’lumot uchun: Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Xalqaro saraton tadqiqot agentligi havoning ifloslanishi orqali insonlarga kanserogen zarrachalarni salbiy ta’sir ko‘rsatishi va astma, saraton, o‘pka va yurak kasalliklarini keltirib chiqarishini takidlaydi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra respublikada 2001 yilda 1 mln 200 mingta transport vostiasi bo‘lgan. 2021 yilning 1-dekabr holatiga Respublikada 3 mln 775 mingta transport vositasi mavjud.

Toshkent shahrining umumiy maydoni 35 630 ga ni tashkil qilib, shundan jami yashil maydon 757 ga, yashil qoplamali maydonlar yuzasi (gazon) 225 ga ni tashkil qilmoqda (26,7 foiz).

Xalqaro me’yorlarga ko‘ra, bioxilmaxillikni saqlash uchun yashil maydon va yashil qoplamali maydonlar hajmi umumiy maydonga nisbatan kamida 12 foizni tashkil etishi lozim.

Atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi tizimini tubdan yaxshilash hamda atrmosfera havosiga yetkazilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish maqsadida quyidagilar:

1. Energiya sarfi katta bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalarida yangi energiya samarador texnologiyalarni hamda muqobil energiya manbalari ulushini ko‘paytirish;

2. Respublikada ishlab chiqarilayotgan motor yonilg‘isi va avtotransport vositalari ekologik ko‘rsatgichlarini yuqori darajalarga keltirish.

3. Ishlab qarish korxonalaridagi ustuvor turg‘un (tashkillashtirilgan) ifloslantiruvchi manbalardan chiqarilayotgan zararli moddalarni tahlil qiluvchi avtomatik tizimlar bilan jihozlash chora-tadbirlar rejasini belgilab olish;

4. Foydalanishda bo‘lgan avtotransport parkini yangilash, ulardan foydalanishda muqobil energiya turlariga bosqichma-bosqich o‘tishni amalga oshirish, shuningdek, yo‘llarda velosipedda harakatlanish tizimini foydalanishga kiritish va kerakli infratuzilmalar, ya’ni velosiped yo‘lakchalari va veloturargohlarni barpo etishga alohida e’tibor qaratish;

5. Respublikada yashil maydonlar hamda yashil qoplamali maydonlarni ko‘paytirish hamda bioxilmaxillikni saqlash uchun aniq chora-tadbirlarni belgilash taklif etiladi.