O‘ZBEKISTON BO‘YICHA 30 OKTABR-3 NOYABR KUNLARIGA OB-HAVO PROGNOZI
30.10.2023
Bugun kunduzi O‘zbekiston hududining katta qismida oktabr oyi uchun quruq va juda iliq bo‘lgan ob-havo saqlanib turadi. Kunning o‘rtasiga kelib, havo 27-30o gacha, janubda 32o gacha isiydi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasida kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin, ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayadi, havo harorati 17-22o atrofida bo‘ladi.
Ertaga O‘zbekiston hududiga Kavkaz hududlaridan salqin va nam havo kirib kelishi kutilmoqda. Respublika hududining katta qismida yomg‘ir yog‘adi, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida kechasi va ertalab biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Kunduzi havo harorati 17-22o gacha pasayadi.
1 noyabrda respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik to‘xtaydi, va bunday quruq ob-havo hafta oxirigacha saqlanib turadi. 1-2 noyabr kunlari kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushadi. Havo harorati kechalari 3-8o iliqgacha pasayadi, kunduzi 1-2 noyabrda 17-22o bo‘ladi, 3 noyabrda harorat biroz ko‘tariladi va 19-24o ni tashkil etadi.
Poytaxtimizda: bugun 30 oktabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 27-29o bo‘ladi.
31 oktabrda havo o‘zgarib turadi, kunning birinchi yarmida yomg‘ir yog‘adi. Ba’zi joylarda shamol 12-15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati 17-19o gacha pasayadi.
1-2 noyabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi, kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Harorat kechalari 5-8o iliq bo‘ladi, kunduz kunlari 17-20o iliq atrofida bo‘ladi.