O‘ZBEKISTON BO‘YICHA 28-30 IYUL KUNLARIGA OB-HAVO PROGNOZI
28.07.2023
Ushbu haftaning katta qismida O‘zbekiston hududi bo‘yicha kuzatilgan juda issiq ob-havodan so‘ng, kecha O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga Qozog‘iston hududlaridan nisbatan salqin havo kirib kelishi boshlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida harorat 6-9o ga, ba’zi joylarda 10-12o ga pasaydi.
Bugun nisbatan salqin havoning kirib kelishi O‘zbekistonning qolgan barcha hududlariga tarqaladi, ammo haroratning pasayishi respublikaning shimoli-g‘arbida pasaygani kabi sezilarli bo‘lmaydi. Bugun kunduz kuni respublika hududining katta qismida kunduzgi harorat 33-38o atrofida, janubda 40-42o gacha bo‘ladi.
Respublika hududining katta qismida bugun kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Samarqand, Jizzax viloyatlarida va kunning ikkinchi yarmida Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda asosan jadalligi biroz bo‘lgan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha, ayrim joylarda 20-22 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda.
28-30 iyulda respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Poytaxtimizda: 28-30 iyul kunlari havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 3-8 m/s tezlikda esadi, bugun kechga tomon 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Bugun kunduz kuni harorat 35-37o, dam olish kunlari 36-39o bo‘ladi.