Namangan shahri To‘raqo‘rg‘on tumanida meteorologik radiolokator ishga tushirildi

Namangan shahri To‘raqo‘rg‘on tumanida meteorologik radiolokator ishga tushirildi

23.05.2023

Namangan shahri To‘raqo‘rg‘on tumanida meteorologik radiolokator ishga tushirildi

Joriy yilning 23-may kuni Namangan shahri Axsikent mehmonxonasida O‘zgidromet direktori va mutassaddi  hodimlari bilan “O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysida meva-sabzavot yetishtiruvchilarning iqlim o‘zgarishiga moslashuvini oshirish” loyihasini va To‘raqo‘rg‘on tumanida meteorologik radiolokatorni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Hatori Takashi, viloyat mexmonlari, jurnalistlar va bloggerlar ishtirok etdilar.

Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan ushbu loyihada Farg‘ona vodiysi hududida 20ta kichik agrometeostansiya o‘rnatildi. Agrometeo ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan fermerlar iqlim o‘zgarishi asosida agrotexnika ishlarini rejalashtirishni joriy etishlari, agrotexnik ishlar bo‘yicha xarajatlarni kamaytirishlari, shuningdek mahsulot sifatini oshirishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, Farg‘ona vodiysida 2023 yilning may-iyun oylari oralig‘ida 15 ta yirik avtomatlashtirilgan meteostansiyalar o‘rnatildi. Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi janob Hatori Takashi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska xonim Namangan viloyatida yirik meteostansiyalardan biriga tashrif buyurdi. Shundan soʻng Yaponiya hukumati koʻmagida BMTTD tomonidan oʻrnatilgan barcha 35 ta meteorologik stansiyasini Oʻzgidrometga topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Muxtaram Prezidentimiz Mirziyoyev Sh.M. tomonidan iqtisodiyotining barcha sohalarida olib borayotgan amaliy texnik yangilanishlar bugungi kunda Gidrometeorologiya sohasida ham o‘z aksini topmoqda.

O‘zbekistonda tabiiy ofatlar har yili o‘rtacha 1,4 million kishilar hayotiga ta’sir o‘tkazadi. Natijada yetkazilgan zarar yiliga qariyb 3 mlrd dollarni tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 noyabrdagi PQ–4896-son qarori bilan tasdiqlangan dasturlarga muvofiq 2021-2023 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markaziga respublikada atmosferani masofadan va radiolokatsion zondlashning zamonaviy vositalarini joriy qilgan holda Namangan viloyati hudududiga meteorologik lokatorlar o‘rnatish orqali iqtisodiyotning ob-havoga bog‘liq tarmoqlari faoliyatini va aholi xavfsizligini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

Mana bugun Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida meteorologik radiolokator (MRL) uskunasini o‘rnatish ishlari nihoyasiga yetkazildi.

Meteorologik radiolokator 24 metr balandlikda Finlandiyaning “VAISALA” kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘rnatildi. Meteorologik lokator 200 km radiusda mavjud va kutilayotgan ob-havo xodisalari to‘g‘risida, jumladan bulutlar oqimi va turi, shamol tezligi va yo‘nalishi, yog‘inlar miqdori va turi (yomg‘ir, do‘l, qor) hamda uning davomiyligi, momaqaldiroq sodir bo‘lgan hududlarni vizualizatsiya qilish orqali meteorologik kartalarga tushiradi va oldindan xabardor qilish imkoniyatlari mavjud.

Ma’lumotlar har 5 daqiqada yangilanadi va muntazam ravishda O‘zgidrometning meteorologik lokatorlar geografik axborot-tahliliy geoportaliga uzatib beriladi.

Kelajakda shu kabi meteolakatorlarni yagona platformaga birlashtirish natijasida respublika hududini to‘liq qamrab oluvchi yer usti meteorologik radiolokatorlar yagona tarmog‘ini tashkil etib, iqtisodiyotning ob-havoga bog‘liq tarmoqlari faoliyati barqarorligi va aholi xavfsizligini ta’minlashga erishiladi.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani hududida yangi meterologik radiolokatorni ishga tushirilishi, O‘zgidromet va BMTning Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan “O‘zbekistonda moslashuvning o‘rta va uzoq muddatli rejalashtirilishini olg‘a surish uchun sektorlarga tayangan milliy moslashuv rejasi” loyiha doirasida Idoralararo ishchi guruh yig‘ilishi va ushbu anjumanda viloyatning mas’ul davlat organlari (qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ekologiya, qurilish, favqulodda vaziyatlar boshqarmalari) ishtirokida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Namangan viloyatining iqtisodiyoti xususan qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik va Yangi O‘zbekiston davrida iqtisodiyotning yangi sektori klaster tizimlarini yanada  rivojlanishiga sezilarli hissa qo‘shadi.