O‘zbekiston Respublikasida gidrometeorologik kuzatuvlar tarixida sovuq qish mavsumlari to‘g‘risidagi ma’lumot
13.01.2023
Meteorologik kuzatuvlar tarixida O‘zbekistonda ko‘plab sovuq qishlar bo‘lgan. Jumladan, 1968-1969 yillar qishi eng sovuq kelgan. Ushbu qish mavsumida respublikaning ko‘plab hududlarida minimal havo haroratining mutlaq rekordlari qayd etilgan edi.
O‘zbekistonning shimoliy hududlarida meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng past havo haroratchlari 1972 va 1977 yillarda kuzatilgan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatining shimolida ushbu yillarda havo harorati -33 -36o va Ustyurt platosida -38 -40o sovuq kuzatilgan.
So‘nggi 50 yil ichida eng uzun va sovuq qish mavsumi 2007-2008-yillarda qayd etilgan bo‘lib, sovuq davr dekabr oxiridan fevral oyining o‘rtalariga qadar davom yetgan. Respublika hududi bo‘yicha harorat 17-22o sovuqgacha, ba’zi joylarda 24-26o sovuqgacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va cho‘l hududlarida 30-33o sovuqgacha pasaygan.
Toshkentda 2008-yil qishida havo harorati -17,4o sovuqgacha, 1974-yilning yanvar oyida -18,6o sovuqgacha pasaygan. Bugungi kunda poytaxtimizda davom etayotgan anomal sovuq so‘nggi 50 yil ichida yanvar oyida kuzatilgan eng past ko‘rsatkichni taqdim etdi. Ya’ni 2023-yil 13-yanvar tongda -19,80 sovuq harorat qayd etildi.
Toshkent shahrida 1969-yil qishda termometr ustuni -23,1o sovuqgacha tushgan bo‘lsa, minimal havo haroratining mutlaq rekordi 1930-yil dekabr oyida -29,5o sovuqni tashkil etgan.
O‘zbekistonning tabiiy iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda, tekislik hududlarda barqaror qor qoplamining shakllanishiga imkon beradigan kuchli qor yog‘ishi kam uchraydi. Natijada iqlimning keskin o‘zgarishi (birdan sovib ketishi va uning ortidan isib ketishi) qor tushganda hosil bo‘ladigan qor qoplamining uzoq vaqt davomida yer yuzasidan turmasligi va bir necha kun ichida erib ketishiga olib keladi.
Biroq, 1969, 1972, 1974, 1982, 1984, 2006 va 2008-yillarda qish faslining sovuq kelishi bilan birga qor yog‘ish davomiyligining ortishi kuzatilgan. Oqibatda ushbu yillarda tekislik hududlarimizda past haroratning uzoq muddat saqlanib qolishi qorning to‘liq erishiga imkon bermasdan qor qoplami to‘planishiga sabab bo‘lgan. Jumladan, respublikaning shimoliy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati) va janubiy, janubiy-g‘arbiy (Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy viloyatlari) hududlarida qor qoplamining balandligi 15-25 sm ni, markaziy (Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari) va sharqiy (Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari) hududlarda 30-65 sm ni tashkil etgan.
Respublikaning tog‘li hududlarida qorning maksimal balandligi 140-180 sm ga yetgan.
Toshkentda qor qoplamining maksimal balandligi 1969-yil kuzatilgan 54 sm, joriy yil yanvarda qor balandligi 26 sm ni tashkil etdi.
Yuqorida qayd etib o‘tilganidek bugungi kunda yurtimizda davom etayotgan sovuq kunlar gidrometeorologik kuzatuvlar tarixidagi eng kuchli sovuq emasligini qayd etib o‘tamiz. Joriy yilning 12-yanvardan 13-yanvarga o‘tar kechasi kuzatilgan sovuq harorat yurtimizga antisiklon ta’sirida kirib kelgan sovuq havo oqimlarining eng yuqori nuqtasi edi.
Antisiklon markazi 13 yanvardan Qozog‘istonning janubiy viloyatlari orqali sharqqa tomon siljimoqda, biroq uning periferiyasi ta’sirida bo‘lgan O‘zbekiston hududida sovuqlar kuchsizlangan holda kelasi xaftaga qadar saqlanib qoladi.