O‘zgidrometda Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasiga doir tadbir o‘tkazildi
28.06.2022
Joriy yilning 27 iyun kuni O‘zgidrometda «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining muhokamasiga doir tadbir tashkil etildi.
Tadbirni O‘zgidromet Bosh direktori Sherzod Habibullaev kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Alixanov Boriy Botirovich, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi konsultanti Rustamov Burxon Mavlonovich, hamda Yuridik fanlari doktori Sherzod Zulfiqorov ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan spikerlar xalqimiz tomonidan berilgan takliflar, shuningdek Davlatimiz Rahbarining Komissiya a’zolari bilan uchrashuvda "insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak" degan tamoyil asosida berilgan takliflardan kelib chiqib "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi tayyorlanganligini ma’lum qildilar.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Konstitutsiyamizning 60 dan ortiq moddalariga 200dan ortiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutmokda. Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritishning aksariyati mazmun-mohiyatiga ko‘ra, “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlashga qaratilgan.
O‘zgidromet Bosh direktori o‘rinbosari Ibratjon Karimov Kun.uz ga bergan ma’lumotiga ko‘ra: bugungi kunda yer yuzasida kechayotgan iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish jarayonlari, biologik xilma-xillik qisqarib borishi, atmosfera havosi va suv manbalari ifloslanishi, chiqindilar bilan bog‘liq muammolar yechimini topish xalqaro hamjamiyatning hamda dunyodagi barcha davlatlar oldida turgan o‘ta muhim dolzarb masalalardan biriga aylandi.
Asosiy Qomusimizning bir necha moddalarida tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bilan bog‘liq ekologik-huquqiy normalar mustahkamlangan.
Iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlarini bartaraf etish hamda unga moslashish tamoyili Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lishi kerak.