Fevral oyida bizni qanday ob-havo kutmoqda
01.02.2022
Fevral - qishning oxirgi oyi. Iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, ya’ni, ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyining o‘rtalarigacha O‘zbekistonda qish o‘z o‘rnini saqlab turadi, vaqti-vaqti bilan issiq va sovuq kunlarni almashadi va oyning oxiriga kelib esa tekisliklarga bahor keladi. Biroq, bu har doim ham shunday bo‘lmaydi.
Ba’zida harorat tartibi bo‘yicha, fevral oyining birinchi kunlaridan boshlab bahor boshlanishiga o‘xshaydi, ba’zan esa butun qish mavsumi uchun eng past harorat fevral oyiga to‘g‘ri keladi.
O‘tgan yil ham shunday bo‘lgan edi. Oyning boshidanoq respublika bo‘yicha juda iliq ob-havo kuzatildi. Fevral oyining o‘rtalariga kelib, havo harorati 23-28° iliq, janubda 32° iliq qiymatlariga yetdi. Oyning oxiriga kelib, bizning iqlim uchun qattiq bo‘lgan sovuq keldi. Kechalari havo 10-12° sovuq, ba’zi joylarda 15° sovuqgacha, shimolda 20-22° sovuq, Ustyurtda 23-25° sovuqqacha bo‘ldi. Respublikamizning eng janubiy viloyatlarida ham kechalari 4-7° sovuqgacha pasaydi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda eng sovuq fevral oyi 2014 yilda kuzatilgan, oyning o‘rtacha harorati me’yordan 5-7° ga past, oyning birinchi yarmida esa me’yordan umuman 12-15° ga past bo‘lgan. Eng sovuq davrda havo harorati kechalari 14-17° sovuqgacha, kunduz kunlari esa 7-10° sovuqgacha pasaygan. 2014 yilning fevral oyida yog‘ingarchilik kam bo‘lgan, ammo oyning birinchi yarmida yog‘ingarchilik faqat qor ko‘rinishida yog‘gan.
2016 yilning fevral oyi eng issiq bo‘lgan. Eng issiq davrlarda havo harorati 23-28° iliqgacha ko‘tarildi. Fevral oyi nafaqat issiq, balki eng quruq bo‘lgan. Fevral oyida yog‘ingarchilik anomal kam miqdorda yoqqan, Toshkentda me’yordan atigi 3% ni tashkil etgan.
Ushbu yilning fevral oyi nisbatan iliq ob-havo bilan boshlanadi.
Oyning birinchi o‘n kunligida kechalari harorat 0-5° iliq, ba’zi joylarda 2° sovuq atrofida bo‘ladi, kunduz kunlari harorat 6-8° iliqdan 12-14° iliqgacha o‘zgarib turadi.
5 fevralda shimolda, 6 fevralda O‘zbekistonning qolgan hududlarida asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda birinchi o‘n kunlikning eng oxirida ham biroz yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin.
Keyinchalik Jahon prognostik markazlarining hisob-kitoblariga asoslangan holda, O‘zgidrometning dastlabki bahosiga ko‘ra, havo harorati kechalari 0-5° iliqdan 0-5° sovuqgacha, shimolda 8-13° sovuqgacha, kunduz kunlari 10-15° iliqdan 3-8° iliqgacha o‘zgarib turadi. Hududlarning katta qismida yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda.