Ob-havoda kuzatilayotgan o‘zgarishlar yuzasidan

Ob-havoda kuzatilayotgan o‘zgarishlar yuzasidan

26.01.2022

Ob-havoda kuzatilayotgan o‘zgarishlar yuzasidan

Mazkur hafta boshidan, respublikamiz hududida Sibir antisikloni hukmron bo‘lib, ob-havoning sovushini belgilab berdi. Natijada sovuq to‘lqinlari ta’sirida respublikamizda yog‘ingarchiliksiz, quruq sovuq kuzatilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida va tog‘li hududlarda kechalari -15 darajagacha, qolgan joylarda -5 darajagacha sovuq, kunduz kunlari Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida +13 darajagacha iliq havo haroratlari qayd etilgan bo‘lsa, qolgan hududlarda xavo xarorati +8 -+10 daraja iliq qayd etildi. Farg‘ona vodiysi, shimoliy va tog‘li hududlarida tuman tushdi.

Odatda, O‘zbekistonda qish mavsumida sovuq antisiklon ta’sirida quyoshning chiqishi va botishidan so‘ng qalin tuman tushish hodisalari tez-tez takrorlanishi tabiiy holdir. Bu havodagi suv bug‘larining kuchli to‘yinishi natijasida yuz berib, bu turdagi tuman sutkalab davom etmaydi va 3-4 soat orasida tarqalib ketadi.

25 yanvar kechasi sovuq antisiklon respublika hududlarida davom etgani uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyati ko‘plab hududlarida qalin tuman tushish hodisasi kuzatildi. Ko‘rinuvchanlik joylarda 50-200 metrgacha cheklandi. Tuman tushgan paytda Toshkent shahridagi yuqori sezuvchanlikka ega atmosfera havosi ifloslanish darajasini o‘lchaydigan zamonaviy statsionar postlarmizda RM-10 mayda dispers zarrachalari miqdori 111,2 mkg/m³ ni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya, osoyishtalik va jamoat salomatligini saqlash xizmatining №0293-11 son Sanitar me’yor qoidalariga ko‘ra, bu inson salomatligi uchun “xavfsiz” daraja hisoblanadi.

Bugun Toshkent shahri va Toshkent viloyatida atmosfera havosi ifloslanishi holati bo‘yicha marshrutli kuzatuv tashkil etildi. Olingan natijalarga ko‘ra, Bo‘stonliq va Chirchiq shahrida soat 11:30 vaqt oralig‘ida mayda dispers zarrachali RM10 179.1 mkg/m³ va RM2.5 26.02 mkg/m³ bir martalik kuzatildi. Mazkur marshrutli kuzatuv ishlari muntazam ravishda Chirchiq-Qibray, Qibray-Toshkent shahri chegaralarida olib boriladi. Shuningdek, Toshkent shahrida joylashgan qo‘zg‘almas kuzatuv nuqtalardagi statsionar postlarda bugun soat 11:30 gacha mayda zarrachali chang RM10 144.1 mkg/m³ va RM2.5- 92 mkg/m³ ekanligi bir martalik kuzatildi.

 

Payshanba-juma kunlari Sibir antisikloni chekinishi hisobiga mahalliy xususiyatga ega iliq xavo massalari rivojlanib, kechalari 0 va undan yuqori xavo harorati, kunduz kunlari esa 7-12 daraja iliq harorat kutiladi.

Juma kuni tushdan so‘ng beqaror ob-xavo kuzatila boshlaydi, respublikamizga g‘arbdan to‘yingan nam xavo oqimlari kirib kelishi hisobiga, avvaliga respublikaning shimoliy hududlari (Qor.Resp., Xorazm viloyati), Markaziy qismi (Buxoro, Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlari), Qashqadaryo va Suxxondaryo hududlarida, shuningdek kechga borib Toshkent shahri va viloyatida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kutiladi.

Dam olish kunlari Farg‘ona vodiysida ham yog‘ingarchiliklar bo‘lishi kutilmoqda.

Xafta davomida shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, 27-29 yanvarda ba’zi joylarda 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin.