Talabalar bilan uchrashuv
17.09.2021
Bugun 17 sentabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida ustoz va talabalarning O‘zgidromet Bosh direktori Sherzodho‘ja Habibullaev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda 2020 yil 17 noyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-4896 –son qarorining ijro holati yuzasidan gidrometeorologiya sohasida kadrlarni yetishtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida suhbat o‘tkazildi.
Gidrometeorologiya sohasida xodimlar salohiyatini oshirish va mustahkamlash maqsadida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Gidrometeorologiya fakulteti tashkil etildi.
O‘zgidromet va O‘zMu o‘rtasidagi kelishuv asosida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Gidrometeorologiya fakultetida O‘zgidromet tizimida 5 yildan ortiq ishlagan xodimlarni imtiyozli ravishda sirtqi o‘qishga qabul qilish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti (Toshkent, O‘zbekiston) va "Rossiya Davlat Gidrometeorologiya universiteti"(Sankt-Peterburg, Rossiya) Oliy ta’limning Federal Davlat budjet ta’lim muassasasi"da "Amaliy Gidrometeorologiya" va "Ekologiya va Tabiatdan foydalanish" yo‘nalishlarida qo‘shma bakalavriat dasturini amalga oshirish maqsadida kelishuv tuzildi. "3+2" qo‘shma ta’lim dasturining davomiyligi sirtqi ta’lim shaklida bo‘lib, u 5 yilni tashkil etadi. Talabalar 1-3-kurslarni Mirzo Ulug‘bek O‘zbekiston Milliy universitetida va 4-5 kurslarni masofaviy ravishda Rossiya Gidrometeorologiya universitetida olib boradilar. Qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha tahsil olayotgan O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari o‘z darajalariga ko‘ra, RGMUda oliy ta’limning asosiy kasb-hunar dasturiga ya’ni bakalavriat dasturi bo‘yicha tahsil olgan talabalar darajasiga tenglashtiriladilar. Ta’lim dasturini o‘zlashtirish va davlat yakuniy attestatsiyadan o‘tish natijalariga ko‘ra, ta’lim oluvchi talabalarga RGMUda 05.03.05 "Amaliy Gidrometeorologiya" ta’lim yo‘nalishida - "Meteorologiya" yoki 05.03.06 "Ekologiya va tabiatni boshqarish" ta’lim yo‘nalishida "Ekologiya va tabiatni boshqarish" profillari bo‘yicha Rossiya Federatsiyasining davlat namunasidagi bakalavr darajasini egallaganlik to‘g‘risida diplom beriladi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti ta’lim dasturini o‘zlashtirish va davlat yakuniy attestatsiyasidan o‘tish natijalari asosida ta’lim oluvchi talabalarga O‘zbekiston Respublikasi davlat namunasining bakalavr darajasini, "Gidrometeorologiya" yoki "Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish" ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha diplom beriladi.
Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari tomonidan gidrometeorologiya faoliyati sohasida global iqlim o‘zgarishining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini kamaytirish va uning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan 11 ta ilmiy loyihalari shakllantirildi.
2021 yildan boshlab, "O‘zbekiston Respublikasi hududida sel xavfini interaktiv yo‘li bilan onlayn tarzida erta ogohlantirish tizimini yaratish", "Tog‘ muzliklari va global iqlim o‘zgarishi sharoitida texnologiyalar yordamida ularning kelajak holatini tavsiflovchi massa balansi o‘zgarishlarini monitoring qilish tizimini ishlab chiqish", "COSMO-CA tizimining raqamli ob-havo prognozi modelidagi xavfli gidrometeorologik hodisalar (kuchli shamollar, jala, sel) monitoring qilish tizimi va uning mobil ilovasi yaratish" mavzularida uch maqsadli loyihalarni moliyalashtirish boshlandi.
2021 yilda Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot institutining "Gidrometeorologiya va atrof-muhit monitoringi - Gidrometeorologiya i monitoring okrujayuщey sredы - Hydrometeorology and Environmental Monitoring" ilmiy jurnalining birinchi soni chop etildi. "Gidrometeorologiya va atrof-muhit monitoringi - Gidrometeorologiya i monitoring okrujayuщey sredы - Hydrometeorology and Environmental Monitoring" ilmiy jurnali O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) Rayosatining qarori bilan OAKning Ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritildi.
2021 yilning 7 May kuni Gidrometeorologiya xizmati markazi, Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda "Gidrometeorologiya va atrof-muhit monitoringi" jurnali tomonidan iqlim o‘zgarishi va ekologik monitoring: dolzarb muammolar va ularni hal etish yo‘llari" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Toshkent Gidrometeorologiya kasb-hunar kolleji qoshida Toshkent Gidrometeorologiya texnikumi tashkil etildi.
Texnikum Markaziy Osiyodagi gidrometeorologiya sohasida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha bazaviy o‘quv muassasasi, "Meteorologiya", "Gidrologiya", "Gidrometeorologiyada aloqa va kommunikatsiyalar" sohasida kasb-hunar ta’limi bo‘yicha yagona ta’lim muassasasi bo‘lib, shuningdek, texnikum Jahon Meteorologiya Tashkilotining Mintaqaviy o‘quv markazi hisoblanadi va gidrometeorologiya sohasida o‘rta darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha asosiy ta’lim muassasasi sifatida belgilangandir. Gidrometeorologiya meteorologiya, gidrologiya, aloqa va kommunikatsiyalar sohasida kasb-hunar ta’limi bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqish uchun mas’uldir.
O‘zgidromet xalqaro loyihalar - Grantlar orqali texnikumning uslubiy masalalarini muvofiqlashtiradi va texnikumning o‘quv va moddiy-texnik bazasini yaxshilashga yordam beradi.
O‘zgidromet Axborot xizmati