Toshkent shahridagi Toshkent gidrometeorologiya kasb-hunar kolleji JMTning O‘zbekistondagi o‘quv markazi maqomini oldi
14.06.2021
O‘zgidromet Jahon meteorologiya tashkilotining mintaqaviy ixtisoslashtirilgan meteorologiya markazi, shuningdek Jahon meteorologiya tashkilotining ob-havo xizmati gidrometeorologik ma’lumotlarini Markaziy Osiyo davlatlari uchun to‘plash, qayta ishlash va tarqatish bo‘yicha mintaqaviy telekommunikatsiya markazi vazifasini bajaradi.
So‘nggi yillarda gidrometeorologik ta’lim tizimi yagona xalqaro ta’lim makonini shakllantirishga qaratilgan. Ta’lim sifatini oshirish tamoyillaridan biri bo‘lgan soha fanlari bilan integratsiyalashuvning muhim yo‘li amalga oshirildi.
Masofaviy ta’lim texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda, jahon axborot resurslari keng jalb etilmoqda. Xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish barqaror rivojlanishda ta’lim tizimi uchun katta ahamiyatga ega.
JMT mintaqaviy o‘quv markazlari kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlaydigan muassalalaridan biridir. Toshkent shahridagi Toshkent gidrometeorologiya kasb-xunar kolleji JMTning O‘zbekistondagi o‘quv markazi maqomini oldi.
Jahon meteorologik tashkiloti Bosh kotibi prof. Petteri Taalas ushbu yutuq bilan O‘zgidromet rahbarini tabrikladi va ta’lim muassasasining tan olingani haqidagi JMT xatini yo‘lladi. Shuningdek O‘zbekiston va JMT o‘rtasidagi hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.
Hozirgi kunda jahonda 26 mamlakat gidrometeorologlar, iqlimshunos mutaxassislarini tayyorlash va qayta tayyorlash markazlari, shuningdek JMTga a’zo mamlakatlar uchun tegishli fanlar mutaxassislarini tashkil etuvchi JMT mintaqaviy o‘quv markazlarini tashkil etmoqda.
Ob-havo, iqlim va suv aylanishi davlat chegaralariga ega emasligi sababli, global miqyosdagi xalqaro hamkorlik meteorologiya va operativ gidrologiya uchun muhim ahamiyatga ega. JMT bunday xalqaro hamkorlik uchun asos yaratadi.