Endilikda atmosfera havosidan toza ichimlik suvini olish mumkin!
07.06.2021
Suv sayyoramizdagi qimmatbaho tabiiy resurslardan biridir, shuning uchun uni asrash zarur. Biz hammamiz suv resurslari cheksiz emasligini, hayotimiz va salomatligimiz uning miqdori va sifatiga bog‘liqligini yodda tutishimiz kerak. Daryolar, ko‘llar, umuman suvning ma’naviy ahamiyati ham katta.
Tarix mobaynida insoniyat suv bilan va suv uchun kurashgan. Toza suv – odamzodning jiddiy muammosi. Ichimlik suvi, havo singari, hayot va sog‘liqning asosiy manbai hisoblanadi. Inson tanasida suvning etishmasligi sog‘liqqa qanchalik zarar keltirishi ma’lum. Organizmda 1foizgina suv miqdorining etishmasligi yurak-qon tomir, nafas yo‘llaridagi hastalikka olib kelishning xavfi ortadi. Ming afsuski, bugungi kunga kelib hayot uchun zarur bo‘lgan bu resurs haddan tashqari ko‘p sarflanadi, isrof qilinadi. Rivojlangan mamlakatlarning aksariyati bu haqiqatni anglab etgan holda, suv va suv resurslaridan barqaror va tejamkorlik bilan foydalanishni yo‘lga qo‘ygan. Hozirdan suvni tejash madaniyatini insonlarga keng singdirilmasa va ushbu resursni asrashga doir keskin choralar ko‘rilmasa, vaziyat iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy muammolarga olib kelishi muqarrardir. Dunyo bo‘yicha 1 milliard 100 million aholi suv ichish baxtidan mahrum. SHunday ekan, siz-u biz dunyodagi eng baxtli odamlarmiz.
O‘zbekiston Hukumati tomonidan mamlakatda suv muammolarini hal qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.
O‘zgidromet tashabbusi bilan Qorakalpog‘iston Respublikasida joylashgan Chimboy tumani meteostansiyasiga atmosfera havosidan ichimlik suvini ishlab chiqarish “atmosfera suv generatori” (Airaqua - 7-ta tozalash filtridan iborat) qurilmasi tajriba (sinov) tarzida ishga tushirildi.
Mazkur qurilma ichimlik suvi etib bormagan va etkazib berish iqtisodiy jihatdan qimmatga tushadigan hududlarga moslashtirilgan. Ushbu innovatsion texnologiya sinov tariqasida yo‘lga qo‘yildi va undan olinayotgan statistik ma’lumotlardan foydalangan holda Respublikamizdagi boshqa meteostansiyalarga o‘rnatish rejalashtirilmoqda.
Atmosfera havosi namliklarning ulkan rezervuari ekanligini hisobga olsak, atmosfera suv generatorini o‘rnatish atmosfera suvini ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng samarali qurilma deb hisoblasak bo‘ladi. Shuni ta’kidlash lozimki, ushbu moslama distillangan suvdan xam tozaroq suv olish imkonini beradi.
Qurilma atmosfera havosi namligiga va haroratga qarab kuniga taxminan 12 litrdan 30 litrgacha ichimlik suvi yetkazib berish imkonini beradi, qulayligi shundaki ko‘p quvvat (1 kVt) talab qilmasligi, ixcham, ekologik toza, foydalanishda texnik jihatdan inson hayotiga xavfi yuq.