FAO O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha yangi loyihani boshladi

FAO O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha yangi loyihani boshladi

04.08.2022

Joriy yilning 2 avgust kuni Toshkentda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ning «O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha milliy harakatlarni va ko‘rsatilayotgan texnik yordamni kuzatish bo‘yicha integratsiyalashgan va kengaytirilgan shaffoflik tizimini yaratish bo‘yicha salohiyatni oshirish» loyihasining kirish seminari bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyiha Global Ekologik Jamg‘arma (GEJ) tomonidan moliyalashtiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi ijrochi agentlik hisoblanadi.

Tadbirda FAO mutaxassislari va O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi vakillari loyihaning mazmun-mohiyati, maqsad hamda vazifalari haqida so‘z yuritdilar. FAOning yangi loyihasini amalga oshirish mamlakatimizning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarga yanada ko‘proq hissa qo‘shish imkonini berishi ta’kidlandi.

Loyiha O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishi tahdidlariga global javob choralarini kuchaytirishga qaratilgan Parij kelishuvi doirasida yangi kengaytirilgan shaffoflik asosiga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishlab chiqilgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi bo‘yicha tuzilgan ushbu kelishuv atmosferadagi karbonat angidridni kamaytirish choralarini tartibga soladi. 

Ushbu maqsadga erishish uchun har bir mamlakat iqlim bo‘yicha o‘zlarining individual majburiyatlarini ishlab chiqqan va ular Milliy darajada belgilangan hissalar deb nomlanadi. Ular milliy darajada issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish bo‘yicha muayyan mamlakatlarning sa’y-harakatlarini aks ettiradi. Bundan tashqari, Parij kelishuvida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va mamlakatda iqlim o‘zgarishiga moslashishni tartibga solish bilan bog‘liq boshqa qoidalar ham mavjud. Global darajada shaffof monitoring, hisobot berish va mamlakatlarning ushbu sohadagi maqsadlariga tezroq erishish uchun asos yaratish orqali rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yumshatish va moslashish borasidagi sa’y-harakatlariga yordam berishga kelishib olingan.

Shaffoflikning kengaytirilgan tuzilmasi doirasida ishtirok etish va muntazam hisobot berish hukumatlarga iqlim bo‘yicha harakatlarni yaxshiroq baholash va rejalashtirish imkoniyatini beradi. Mazkur tuzilma mamlakatlarda issiqxona gazlarini chiqarish, chiqindilar chiqarishni kamaytirish va iqlim o‘zgarishi ta’sirlariga moslashish bo‘yicha erishilgan natijalar, shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlarga ko‘rsatilayotgan moliyaviy hamda texnologik qo‘llab-quvvatlashga  taalluqli bo‘lgan axborotlarning shaffofligini ta’minlaydi

O‘zbekiston Hukumati 2017 yil 19 aprelda rasman Parij kelishuvini imzolagan va 2018 yilning noyabrida uni ratifikatsiya qilgan edi. Hujjatni imzolash orqali O‘zbekiston boshqa davlatlar qatorida global havo haroratining o‘rtacha ko‘tarilishini selsiy bo‘yicha 2 darajadan sezilarli darajada past ushlab turish majburiyatini olgan. O‘zbekistonning Milliy miqyosda belgilangan hissasi 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari emissiyasini 2010 yil darajasiga nisbatan 35 foizga qisqartirish, iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini kamaytirish va moslashuvchan salohiyatni oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish bo‘yicha vazifalarni belgilab beradi. FAOning qayd etilgan loyihasini amalga oshirish doirasida O‘zbekistonda Monitoring, hisobot berish va tekshirish tizimi ishlab chiqiladi.

O‘zgidromet hukumat qarori bilan iqlim o‘zgarishi va Parij kelishuvini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi tashkilot etib belgilangan. O‘zgidromet o‘z vakolatlari doirasida mamlakatning iqlim bo‘yicha majburiyatlari, jumladan,  Milliy Xabarlarni, inventarizatsiya bo‘yicha milliy hisobotlarni, ikki yillik hisobotlarni, shaffoflik hisobotlarini, milliy darajada belgilangan miqdoriy majburiyatlarni bajarilishi bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash va taqdim etish uchun mas’ul hisoblanadi.