HAFTANING IKKINChI YaRMIDA ISSIQNING UZOQ KUTILGAN PASAYIShI KUTILMOQDA
25.07.2022
O‘ZBEKISTON BO‘YIChA 25-29 IYuLGA
OB-HAVO PROGNOZI
Haftaning birinchi yarimida hududlarning katta qismida quruq va juda issiq ob-havo saqlanib turadi. Kunduzi havo harorati 40-43o atrofida, janubda 45o gacha bo‘ladi.
Faqat O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga Kaspiy dengizidan nisbatan salqin va biroz nam havo massasi tarqaladi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida 25-26 iyul kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Havo harorati 32-37o gacha pasayadi.
Haftaning ikkinchi yarmida issiq ob-havo massasi O‘zbekiston hududidan chekinadi va respublika bo‘yicha harorat pasaya boshlaydi.
Hafta oxiriga kelib, nisbatan salqin havo massasi respublikaning barcha hududlarini qamrab oladi va ko‘pchilik viloyatlarda havo harorati
33-36o gacha pasayadi, faqat eng chekka janubda 39-41o ga yetadi.
25-27 iyul kunlari shimolda, janubda va cho‘l hududlarda, 28-29 iyulda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlari bilan kuzatilishi mumkin.
25-28 iyul kunlari Qirg‘iziston hududidan Farg‘ona viloyatining tog‘ oldi va tog‘li hududlari bo‘yicha: So‘x, Farg‘ona tumanlarida va So‘x, Shohimardon, Isfayramsoy daryolarida glyatsial (muz) sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.