Issiq kuchayadi

Issiq kuchayadi

10.07.2023

O‘ZBEKISTON BO‘YICHA 10-14 IYUL KUNLARIGA OB-HAVO PROGNOZI

O‘ZBEKISTON BO‘YICHA 10-14 IYUL KUNLARIGA OB-HAVO PROGNOZI

Ushbu haftaning katta qismida O‘zbekiston hududi bo‘yicha ob-havo yuqori barik o‘rkach rivojlanishi va Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi bilan belgilanadi.

Havo harorati kundan-kunga ko‘tariladi. Hududning katta qismida issiq ob-havoning cho‘qqisi haftaning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. 12-13 iyul kunlari kunduzgi havo harorati 40-42o gacha, janubda va cho‘l hududlarda 43-45o gacha ko‘tariladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining shimolida 11-12 iyul kunlari eng yuqori harorat  43-45o bo‘lishi kutilmoqda.

Kuchli issiq qisqa muddat kuzatiladi. 13 iyulda O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlarida, 14 iyulda respublikaning barcha hududlarida atmosferadagi janubiy oqimlar g‘arbiy oqimlarga o‘zgaradi va havo harorati 33-38o gacha, janubda 40o gacha pasayadi. Bunday harorat foni dam olish kunlarida ham saqlanib turadi.

Ushbu hafta davomida respublikaning barcha hududlari bo‘yicha havo kam bulutli va asosan quruq bo‘lishi kutilmoqda.

10-12 iyulda shimolda va cho‘l hududlarda, 13-14 iyul kunlari respublika bo‘yicha shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda.

Poytaxtimizda: 10-14 iyul kunlari asosan kam bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol tezligi asosan kuchsiz bo‘ladi, 14 iyulda 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Bugun kunduz kuni harorat 37-39o bo‘ladi, 11-13 iyulda harorat asta-sekin ko‘tariladi va 12-13 iyul kunlariga kelib 39-42o gacha, 14 iyulda 36-38o bo‘ladi.